Bu Yaponiya tashqi ishlar vazirining soʻnggi 12 yil ichida Oʻzbekistonga ilk tashrifidir.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri bilan Tashqi ishlar vazirligida hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida muloqotlar boʻlib oʻtadi. Mehmon Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyuradi, shuningdek, Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarini koʻzdan kechirishi rejalashtirilgan.

Yaponiya tashqi ishlar vazirining tashrifi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yaponiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga toʻgʻri kelgani, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Ushbu muhim sana munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya davlatlari oʻrtasida oʻzaro tabriklar almashildi.

Bundan oʻttiz yil oldin Oʻzbekiston Yaponiya bilan oʻzaro hurmat, teng huquqlilik, qoʻllab-quvvatlash va bir-birining manfaatlarini hisobga olish kabi oʻzgarmas tamoyillar asosida munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha mustahkam poydevor qoʻyildi.

2002-yildan buyon ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik xarakteriga ega boʻldi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 30 yil ichida 230 barobardan ortiq oʻsdi. Yaʼni 1992-yilda 730 ming AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda 169 million AQSH dollaridan oshdi.

Yaponiya hukumatining imtiyozli kreditlari va grantlari yordami hisobidan energetika, kimyo, neft-kimyo, infratuzilma, qishloq va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida qiymati 7 milliard AQSH dollaridan ziyod boʻlgan qator loyihalar amalga oshirildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi munosabatlarimizda yangi sahifa ochdi va strategik sheriklik munosabatlariga kuchli turtki berdi.

Yaponiya bilan siyosat, iqtisodiyot, energetika, infratuzilma, innovatsiyalar, sogʻliqni saqlash, fan, taʼlim va madaniyat sohalarida uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.

Mamlakatlarimiz xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda, BMT doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. 2004-yilda tashkil etilgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti koʻp tomonlama hamkorlikning muhim platformasiga aylandi.

Yaponiya tashqi ishlar vazirining boʻlajak tashrifi Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi siyosiy muloqot va hamkorlikka yana bir yangi surʼat bagʻishlaydi, bu shubhasiz munosabatlarimizda yana bir yangi sahifa ochadi.