Yaponiya xorijiy sportchilar uchun karantinni yumshatmaydi

    Sport 22 Yanvar 2021 1385

    Yaponiya mamlakatga xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun kelayotgan chet ellik sportchilariga avval yumshatilgan karantin choralarini bekor qildi.

    Ilgari Tokioda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari oʻtkazilishini hisobga olgan holda mamlakatga xalqaro musobaqalarda ishtirok etish uchun kelayotgan chet el sportchilariga nisbatan karantin choralari yumshatilgan edi. Jumladan, ular muayyan shartlarga rioya qilganlari holda talab etilgan 14 kunlik karantin muddatini oʻtamasdan mashqlar oʻtkazishlari va musobaqalarda ishtirok etishlari mumkin boʻlgan. Chet eldagi musobaqalarda ishtirok etib, mamlakatga qaytib kelgan yapon sportchilariga ham ana shunday yengillik berilgan edi.

    Biroq Yaponiyaning 11 ta prefekturasida favqulodda vaziyat eʼlon qilinganligi munosabati bilan barcha sportchilar ikki hafta davomida karantinda boʻlishlari va ana shu vaqt davomida mashgʻulotlar va musobaqalarda ishtirok eta olmasliklari belgilab qoʻyildi. Bunday choralar favqulodda vaziyat bekor qilingunga qadar davom etadi.

    Yaponiyada favqulodda vaziyat eʼlon qilinganligi mamlakatda odamlarning koronavirusga chalinishi ortib ketayotganligi bilan bogʻliq. Favqulodda vaziyat 7-fevralgacha davom etishi belgilangan, deb xabar beradi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.