Mazkur maktab Yaponiyadagi eng katta maktablardan biri bo‘lib, bugungi kunda maktabda 2149 nafar mahalliy va 93 nafar xorijiy, jami 2242 nafar 1-9-sinf o‘quvchilariga 100 dan ortiq o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda.

Maktabda har bir o‘quvchi ikkinchi sinfdan boshlab, o‘rganayotgan bilimlarini amaliyotga bog‘lab o‘rganishni boshlaydi. Bunda har bir o‘rganayotgan yangi hodisa, predmet yoki jarayonni maxsus noutbuklarda rasmga olib, qurilma xotirasiga saqlab boradi hamda o‘zgarishlarni kuzatib xulosa chiqaradi. Yettinchi sinfdan boshlab esa o‘quvchilar o‘zlarining ta’lim olish jadvalini o‘zlari belgilashlari mumkin.

Maktabda darslarni ma’lum sababga ko‘ra qoldirayotgan o‘quvchilar uchun mashg‘ulotlarni onlayn tarzda kuzatib borish imkoniyati yaratilgan. Sinf o‘quvchilari jamoatchilik va tozalash ishlarida faol qatnashishadi va buni yapon maktablaridagi madaniyatning ajralmas bir bo‘lagi sifatida ko‘rishadi.

Maktab shiori "Yaratuvchanlik, birgalikda ishlash va yuqori marralarga intilish" hisoblanadi.

Mazkur maktabdagi uchrashuvda maktab tuzilmasi va dars jarayoni bilan tanishilgandan so‘ng maktab o‘qituvchilari bilan suhbat olib borildi. 

Uchrashuv so‘ngida tomonlar maktabda darslarni tashkil etish va olib borish jarayonlarini maxsus jonli video darslar orqali O‘zbekiston Respublikasi maktablariga tajriba sifatida ulashishga kelishdilar.