Xirosimaning markaziy hududidagi bogʻda sakura daraxti ustida oltita ochiq kurtak koʻzga tashlandi. Yaponiyada qabul qilingan mezonlarga koʻra, bitta “nazorat” daraxtida beshta shunday kurtakning mavjudligi gullashning boshlanishi deb hisoblanadi.
RIA Novostining Yaponiya mintaqasi meteorologiya boʻlimiga asoslanib keltirgan maʼlumotiga koʻra, bu Xirosimada 1953-yildan beri birinchi marta kuzatilayotgan, rekord darajadagi eng erta boshlangan gullashdir. Bu yillik oʻrtacha koʻrsatkichdan 16 kun va oʻtgan yilga nisbatan 11 kun oldin boshlandi. 12-mart, juma kuni Fukuoka prefekturasi ham birinchi gullagan kurtaklar haqida xabar berdi. Bu yerda ham 1953-yildan beri erta gullash rekord darajaga aylandi: oʻrtacha yillik koʻrsatkichlardan 11 kun va oʻtgan yilga nisbatan 9 kun oldin.
Qayd etilishicha, odatda sakura gullagan paytda aholi oilasi, doʻstlari va hamkasblari bilan dala va maydonlarga sayrga chiqadi. Biroq, bu yil koronavirus tufayli cheklovlar kutilmoqda.
Tokioning yashnagan sakurasi bilan hayratga soladigan eng mashhur joylaridan biri Ueno bogʻi maysazorlari toʻsib qoʻyilgan. 2020-yilda Tokioda sakura gullab-yashnagan mavsumda bogʻlarga qilingan katta sayr koronavirus infeksiyasining keskin ortishiga olib kelgan va bu aprel oyining boshida favqulodda rejimning joriy etish zaruratini keltirib chiqargandi.