Yaponiyada yana 7 ta prefektura favqulodda holat eʼlon qilingan hududlar roʻyxatiga qoʻshildi

    14 kunlik karantin talablarini bajarmagan xorijlik fuqarolar Yaponiyadan deportatsiya qilinishi mumkin.

    Yaponiya hukumati hududlardan kelib tushgan talabnomalar va koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga asoslanib, 13-yanvardan eʼtiboran quyidagi hududlar uchun ham manzilli favqulodda holat eʼlon qildi: Osaka, Kioto, Xyogo, Ayti, Gifu, Totigi, Fukuoka.

    Favqulodda holat 7-fevralga qadar davom etadi.

    Avval taʼkidlanganidek, karantin talablari tavsiyaviy xarakterda boʻlib, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqa koʻngilochar maskanlar faoliyatini soat kechki 8 ga qadar etib belgilash soʻralmoqda. Qisqartirilgan grafikka oʻtganlik uchun tadbirkorlik subyektlariga boy berilgan foydani qoplash maqsadida tegishli moddiy yordam puli ajratilishi nazarda tutilgan.

    14 kunlik karantin talablarini bajarmagan xorijlik fuqarolar Yaponiyadan deportatsiya qilinishi mumkin

    Yaponiya dekabr oyida barcha mamlakatlar uchun eshigini yopgach, mamlakatga kirib chiqish huquqi yaponlar va doimiy vizaga ega boʻlgan chet ellik fuqarolarda qolgan edi. Bunda asosiy majburiyat - chet eldan Yaponiyaga qaytib kelgach, 14 kunlik karantinga olinishi lozim.

    Yaponiya Iqtisodiyot vaziri - ayni paytda pandemiya masalalari boʻyicha masʼul vazirning axborotiga koʻra, 14 kunlik karantin talabini buzganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirilishi (chet el rezidenti statusining bekor qilinishi va deportatsiya qilinishi) rejalashtirilmoqda.