Tadbirni ochar ekan, O'zbekistonning Yaponiyadagi elchisi M.Abdurahmonov ikki mamlakat o'rtasida diplomatiya munosabatlari o'rnatilganining 30 yilligi bilan barchani qutladi. U “O'zbegim” va “Guliston” o'zbek milliy raqs ansambllari ko'p yillardan beri ikki xalq o'rtasidagi o'zaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va yapon jamoatchiligi vakillarini O'zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va milliy madaniyati bilan yaqindan tanishtirishga munosib hissa qo'shib kelayotganini ta'kidladi.
Elchi mazkur raqs ansambllari vakillarining Yaponiyadagi “madaniyat elchilari” sifatidagi faoliyati mamlakatimiz hukumati tomonidan yuqori baholanayotganini ma'lum qildi. Raqs ansambllari a'zolariga Farg'ona viloyati hokimligi ko'magida o'zbek milliy raqs liboslari taqdim qilinayotgani buning yaqqol dalili ekanligini ta'kidladi.
Marosimda “O'zbegim” raqs ansambli badiiy rahbari Takeuchi Ayko xonim so'zga chiqib, O'zbekiston hukumati tomonidan jamoa faoliyati muntazam qo'llab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. U hozirgi paytda Yaponiyada o'zbek xalqi madaniyati, jumladan, milliy raqslariga bo'lgan qiziqish tobora ortib borayotgani, shu bois ansambl` qoshidagi raqs maktabi tarbiyalanuvchilari orasida yoshlarning soni ortib borayotganligini ma'lum qildi.
O'z navbatida, “Guliston” raqs ansambli badiiy rahbari Sato Akiko ham taqdim qilingan milliy liboslar uchun minnatdorchilik bildirar ekan, O'zbekiston hukumatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan bunday e'tibor va ko'mak madaniy jamoa a'zolarini yanada ruhlantirganini aytdi.
Shundan so'ng O'zbekistondan keltirilgan 39 to'plam Samarqand, Xorazm, Surxondaryo va Farg'ona raqs maktablariga xos bo'lgan liboslar o'z egalariga topshirildi.
Kezi kelganda qayd etish joizki, “O'zbegim” va “Guliston” raqs ansambllari mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Yaponiyada tashkil qilinadigan “Navruz” va “Mustaqillik kuni” kabi milliy bayramlar va boshqa turli madaniy tadbirlar doirasida muntazam ravishda o'zbek raqslarini namoyish qilib keladi.
Ayni paytda “O'zbegim” raqs ansambli qoshida 20 nafardan ortiq yaponlarning jajji farzandlari o'zbek xalq raqslarini o'rganishmoqda.