Yaponiyaning yetakchi universitetlarida oʻqish uchun stipendiyalar ajratiladi

    Ta'lim 20 Yanvar 2021 1747

    Hukumatning “Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining oʻqishini tashkil etish uchun Yaponiya hukumati grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (18.01.2021 y, 26-son) qarori qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistratura va doktoranturasida Oʻzbekiston vakillarining oʻqishini tashkil etish boʻyicha har yili almashinuv notalari va grant bitimlar imzolanadi.

    Shuningdek, Yaponiyaning yetakchi universitetlarida oʻqish uchun stipendiyalar ajratiladi.

    Yaponiya hukumatining 291 mln Yaponiya iyenasi (2,6 mln AQSH dollariga ekvivalentda) miqdoridagi granti 2021-2022-yillarda foydalanish uchun taqdim etiladi.

    Oʻqish uchun nomzodlarni tanlab olish va loyihani amalga oshirishni muvofiqlashtirish:

    Oʻzbekiston tomonidan – Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyati, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi;

    Yaponiya tomonidan – Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Oʻzbekiston-Yaponiya Inson resurslarini rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshiriladi.

    Manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda loyiha doirasida Yaponiyada tahsil olayotgan stipendiatlarning oʻqishi va oʻqishni tamomlagan stipendiatlarning mehnat faoliyati yuzasidan doimiy monitoring olib boradi.