Yaponiyaning “Masui Co Ltd” kompaniyasi oʻzbek toʻqimachilik korxonalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi

    Xalqaro hamkorlik 4 Fevral 2022 1525

    2022-yil 2-fevralda Navoiy shahriga tashrifi chogʻida Yaponiyaning “Masui Co Ltd” kompaniyasi vakillari “Baxt Navoiy” klasteri va “Navbahor tekstil” korxonasiga tashrif buyurdi.

    “Baxt Navoiy” klasteri paxta yetishtirishdan tayyor mahsulotgacha boʻlgan toʻliq siklni oʻz ichiga oladi va paxta ekish uchun 45 ming gektar maydonga ega. Korxonada Yaponiya va Shveysariyaning zamonaviy uskunalari mavjud.

    Korxonaning rejalarida Respublikamiz hududida toʻliq qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

    Kompaniya, shuningdek, Samarqand shahrida “Baxt Samarqand” yigiruv fabrikasi qurilishi yakunlanayotgani, bu korxonalar guruhining umumiy sutkalik ishlab chiqarish quvvati 135 tonnagacha oshishini eʼlon qildi.

    9 000 gektar ekin maydonlarini oʻz ichiga olgan “Navbahor tekstil”da 100 foiz zigʻir, 100 foiz viskoza va 100 foiz poliyesterdan ip-kalava ishlab chiqarilishi mazkur korxonaning afzalliklaridan biridir.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha Yaponiya bozoriga aralash kalava ip yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Safarning 3 kunida “Masui Co Ltd” kompaniyasi vakili bilan Samarqand viloyatidagi “Afrasiyob Jeans Textile” va “Sam Rafoat” korxonalari oʻrtasida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

    Fabrikaga tashrif buyurib, “Afrasiyob Jeans Textile” korxonasining jinsi shimlar va ip-kalava ishlab chiqarishi bilan tanishildi va Yaponiya bozorida kelgusida ilgari surilishi mumkin boʻlgan namunalarni joʻnatishga kelishib olindi.

    “Sam Rafoat” allaqachon teri mahsulotlari sohasida Yaponiya bilan hamkorlik qilish tajribasiga ega. Masui Co Ltd vakillari yapon teri mahsulotlari namunalarini namoyish etdi.

    Tomonlar Yaponiya standartlari boʻyicha yangi turdagi teri mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishib oldi, deb xabar beradi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati.