Yaponiyaning sakkiz million nusxada chop etiladigan kunlik gazetasi O'zbekiston sayyohlik salohiyati haqida xabar qildi

    Yapon gazetasi, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlari tarixi va meʼmoriy obidalari haqida yozgan.

    Yaponiyaning yetakchi bosma nashrlaridan biri - “Yomiuri shimbun” gazetasida Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    Nashrda mamlakatimizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va xorijiy sayyohlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qalamga olingan.

    Materialda Oʻzbekiston qator davlatlar fuqarolari uchun mamlakatga kirishga viza tartiblarini soddalashtirgani taʼkidlangan. Xususan, Yaponiya fuqarolari uchun 2018-yildan boshlab Oʻzbekistonga kirish vizasi bekor qilindi, deyiladi maqolada.

    Yapon gazetasi, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlari tarixi va meʼmoriy obidalari haqida yozgan. Muallif yapon aholisini mamlakatimizning qadimiy obidalarini bir marta boʻlsada borib koʻrishga daʼvat etgan.

    Maqolada Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonovning yaponiyalik sayyohlarni yurtimizga chorlovchi murojaati ham joylashtirilgan olgan.

    Maʼlumot uchun: Yaponiyaning ommabop bosma nashri boʻlgan “Yomiuri shimbun” gazetasi 1874-yildan eʼtiboran har kuni chop etiladi. Uning kunlik adadi 8 million nusxani tashkil qiladi.