O'zbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida Tokio shahridagi Toyo universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yo'li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti o'rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

 Bosh vazir o'rinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davomida Toyo universiteti Kuzatuv kengashi raisi Shinji Fukukava, Universitet prezidenti Esuko Yaguchi va boshqa qator mas'ullar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuv O'zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ko'magida amalga oshirildi.

Uchrashuv doirasida Aziz Abduhakimov Toyo universiteti rahbariyatiga O'zbekistonda turizm va madaniy meros sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Samarqanddagi “Ipak yo'li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti faoliyatidagi yangiliklar haqida ma'lumot berdi.

Shinji Fukukava O'zbekiston va YAponiya ta'lim sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirish borasida katta salohiyatga ega ekanini ta'kidladi. Shu o'rinda ikki davlat oliy ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish, ilmiy-akademik almashuvlarni faollashtirish, yaponiyalik professorlarni O'zbekistonga yo'llash va o'zbekistonlik talabalarning Toyo universitetida amaliyot o'tashi imkoniyatlari ko'rib chiqildi.

Esuko Yaguchi O'zbekiston bilan gumanitar, aniq va amaliy fanlar, “yashil” va “barqaror” turizm masalalari hamda obyektlar restavratsiyasi bo'yicha qo'shma tadqiqotlar borasida hamkorlikka tayyor ekanini ma'lum qildi.

Yaponiya tomoni O'zbekistonning Ipak yo'li mamlakatlari fuqarolari uchun Samarqanddagi “Ipak yo'li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida 85 ta davlat granti ajratishga doir tashabbusini yuqori baholadi.

Tomonlar turizm sohasida tadqiqotlar o'tkazish, jumladan O'zbekistondagi buddaviylik merosini o'rganish, buddizm obidalari restavratsiyasi, arxeologik qazishmalarni amalga oshirish, ilmiy seminar va izlanishlarni olib borishga oid kelishuvga erishishdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Toyo universiteti rahbariyati va professorlarining O'zbekistonga tashrifini tashkil qilish va uning davomida yurtimizning turistik va ta'lim salohiyati bilan yaqindan tanishish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga kelishildi.

Bundan tashqari, Samarqanddagi “Ipak yo'li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Toyo universiteti talabalari uchun yozgi kampus tashkil etish masalasi muhokama qilindi.