Uchrashuv boshida Chikara Miyagi korxona faoliyati to'g'risida batafsil ma'lumot berdi. Shuningdek, kompaniya tomonidan xorijiy davlatlarda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida to'xtalib, V`etnam va M`yanmada Yaponiyaning qurilish, IT muhandisligi va elektron maishiy texnikalar ishlab chiqarish sohalariga mo'ljallangan malakali kadrlarni tayyorlash bo'yicha o'quv markazlari tashkil qilinganligi to'g'risida so'zlab berdi. Ushbu markazlarda ta'lim olish bepul bo'lib, ular mustaqil muassasa va universitetlar (asosan politexnika yo'nalishidagi) qoshida tashkil qilingan hamda bugungi kunga qadar 1000 dan ortiq kadr tayyorlanib, YAponiyada ish bilan ta'minlangan.
O'quv markazini bitiruvchisi avvaliga “texnik stajer” maqomida Kunchiqar mamlakatda 3 yil davomida ishlaydi, so'ngra “maxsus malakali ishchi” maqomida (agar o'rnatilgan tartibdagi test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirsa) mehnat faoliyatini davom ettiradi. SHuningdek, universitetlar qoshidagi markazlarni tamomlagan va oliy ma'lumotli talabgorlar muhandislik yo'nalishidagi ishchi viza orqali Yaponiyada ishga joylashtiriladi.
Shu bilan birga, Willtec Co.,Ltd. tomonidan xorijiy ish izlovchi va yapon ish beruvchi korxonalari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilish imkonini beruvchi RISE for Career va RISE for Business elektron platformalari yaratilgan bo'lib, hozirda 22 ming shaxsiy sahifa ro'yxatdan o'tgan.
Chikara Miyagi hozirda kompaniya xorijiy tashkilotlarini kengaytirish, jumladan Indoneziya, Hindiston va Kambodjada bunday markazlarni tashkil qilish ustida ishlayotgani, biroq ushbu davlatlar bilan cheklanmay, O'zbekistonda ham o'z markazlarini ochishdan manfaatdor ekanini va tegishli o'rganishlar amalga oshirilganidan so'ng aniq hamkorlik takliflarini elchixonaga ma'lum qilishini bildirdi.
O'z navbatida, O'zbekistonda so'nggi yillarda mehnat migratsiyasi masalasida amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, asosiy e'tibor xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilishga qaratilayotgani haqida ma'lumot berildi.
Shuningdek, yapon tilini o'rgatish va kasbiy ko'nikmalar hosil qilishga asoslangan monomarkazlar tashkil etilgani bildirildi hamda ularning bitiruvchilari soni va ishga joylashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida so'z yuritildi.