7-mart kuni Saudiya Arabistonidan 9 ta reys amalga oshirilib, 1 680 nafar, Birlashgan Arab Amirliklaridan esa 2 ta reys orqali 394 nafar fuqaro Vatanga olib kelindi.

Shuningdek, 7-mart kuni Erondan 5 nafar Oʻzbekiston fuqarosi ham yurtimizga qaytarildi.

Maʼlum qilinishicha, 7-mart kuni Qatar va Saudiya Arabistonidagi Oʻzbekiston elchixonalari Oʻzbekiston Transport vazirligi bilan hamkorlikda Doxa shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarining birinchi guruhini (208 nafar) evakuatsiya qildi.

Fuqarolar “Centrum Air” aviakompaniyasi reysi bilan Ar-Riyod xalqaro aeroportidan uchib, joriy yil 8-mart kuni soat 05:40 da Toshkentga sogʻ-salomat yetib keldi.

Shu bilan birga, Qatardagi diplomatik vakolatxona tomonidan keyingi evakuatsiyani amalga oshirish doirasida fuqarolarning ikkinchi guruhi (126 nafar) ham shakllantirildi. Ular diplomatlar hamrohligida elchixona tomonidan ijaraga olingan uchta avtobusda Doxa shahridan olib chiqilib, “Riyod – Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha 8-mart kuni amalga oshiriladigan charter reysi orqali evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, vatandoshlarni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha chora-tadbirlar tizimli va bosqichma-bosqich tarzda amalga oshirilmoqda.