Husanboy ota ushlagan joyini qoʻyvormaydigan odam. Bir ishni boshladimi, to yakuniga yetkazmaguncha tinchimaydi. U oʻz manfaati uchun emas, xalqni, qishloq odamlarining uzogʻini yaqin qilish uchun yelib-yuguradi. Boʻlmasa, 1968-yildan buyon bitmagan ish uchun yarim asrdan buyon idorama-idora yurmas edi.
Gap shundaki, Andijon viloyati Izboskan tumanidagi Katta qishloq mahallasi oʻrtasidan oqib oʻtuvchi Tentaksoy daryosiga solingan eski koʻprikni bundan yarim asr muqaddam sel yuvib ketgan. Rahbarlarning eʼtiborsizligi tufayli uni taʼmirlash shuncha yildan buyon paysalga solib kelingan. Odamlar daryoning u tomoniga oʻtish uchun 14 kilometr yoʻl bosishga majbur boʻlgan. Husanboy ota keksayu yoshning, ayniqsa ayollarning yoʻl azobini tortayotganini koʻrib, achinadi. Qanchadan-qancha idoralar eshigida sargʻayadi. Ammo bu koʻprikni taʼmirlash uchun mablagʻ berilmaydi. Rahbarlar esa “Keyingi yil dasturiga kiritamiz” degan vaʼdani berishdan charchashmaydi.
— Hatto sobiq ittifoq davrida Leonid Brejnevga ham shu koʻprikni taʼmirlash yuzasidan ariza yozganman, — deydi Husanboy ota Orifjonov. — Mustaqillik yillarida ham deyarli murojaat qilmagan rahbar qolmagan. Ariza boʻyicha kelib koʻrishadi, uzunligi 73 metr, eni 10 metrlik koʻprikni qurish uchun katta mablagʻ talab etilishi bois, ishni orqaga surishadi. Nihoyat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatim tufayli muammo hal boʻldi. 6 milliard 734 million soʻm mablagʻ ajratildi, qurilish boshlandi va tez orada koʻprik foydalanishga topshirildi.
Yangi koʻprik Izboskan va Paxtaobod tumani aholisi uchun qulaylik yaratibgina qolmasdan, transport vositalari harakati uchun ham asosiy vosita vazifasini oʻtamoqda. Natijada 500 ming nafardan ziyod aholiga qulaylik yaratilib, uzogʻi yaqin qilindi. Husanboy otaning yarim asrlik murojaati hal etildi.
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalarning ahamiyati beqiyos. Mazkur tizim bevosita davlat rahbariga murojaat qilish, xalq bilan doimiy muloqot olib borish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida samarali hal etishning taʼsirchan mexanizmiga aylandi.
Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan ham aholini qiynayotgan muammolarni oʻrganish, ijobiy hal etish, ularning ariza, shikoyat va murojaatlarida koʻtarilgan masalalarga yechim topish borasida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Misol uchun Prezident Xalq qabulxonasiga Choʻrtonliq mahallasidan Tursunboy Qoʻchqorov maktub yoʻllab, oʻn yildan buyon qishloqda yangi maktab qurishni soʻrab murojaat qilayotganini, lekin biror natija boʻlmayotganini aytgan. Murojaat oʻrganib chiqilgach, koʻp oʻtmay dasturga kiritildi. Tezkor amalga oshirilgan saʼy-harakatlar tufayli qishloq bolalari yangi maktabda qatnay boshladi. 210 oʻrinli maktab Choʻrtonliq mahalla ahliga munosib tuhfa boʻldi.
Bundan tashqari, Oybek mahallada yashovchi Boqijon Mahmudov oʻz murojaatida Izboskan tumanida xususiy shifoxona ochib, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelayotganini maʼlum qilgan. Muammo shundaki, aholiga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida Xitoydan olib kelinayotgan 2 milliard 400 million soʻmlik zamonaviy tibbiy jihozlar 5 oydan buyon bojxona terminali omborxonasida nomaʼlum sabablarga koʻra ushlab turilgan. Bu murojaat ham Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan ijobiy hal etildi va tibbiy jihozlar shifoxonaga keltirib oʻrnatildi.
Xalq qabulxonalari tomonidan respublika miqyosida yangicha jarayonlarni amaliyotga tatbiq etilishi oʻz samarasini bera boshladi. Yaʼni, barcha viloyatlarda tashkilot, muassasa rahbarlari bilan kelishilgan holda respublikamizning eng chekka va olis hududlarida ommaviy sayyor qabullar oʻtkazila boshlandi. Natijada yuzlab murojaatlar qabul qilinib, koʻplab soʻrovlar yuzasidan ijobiy yechimga erishilyapti. Minglab hamyurtlarimiz oʻzlarining uzoq yillar davomida yechimini kutib turgan muammolari hal boʻlganidan xursand boʻlganligi yangi tizimga berilgan munosib bahodir.
Bir soʻz bilan aytganda, Xalq qabulxonasi instituti xalq bilan muloqotning oʻziga xos, noyob tizimi sifatida jamiyatdagi muammolarni bartaraf etishga, odamlarning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashini taʼminlashga yaqindan yordam bermoqda.