Maʼlumki, 2023-yil 1-apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini oʻrnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 soʻmdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
Soliq qoʻmitasining maʼlum qilishicha, shu yilning yanvar-sentyabr oylarida 6 mingdan ortiq jismoniy shaxs ushbu dasturdan foydalanib, elektr tarmoqlariga oʻtkazilgan quyosh energiyasi uchun 8,9 milliard soʻm (8,9 million kVt/soat) davlat byudjetidan subsidiya oldi.
Subsidiyaning eng katta qismi quyidagi hududlarga toʻgʻri kelmoqda:
- Xorazm viloyati — 2,1 mlrd soʻm;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi — 1,5 mlrd soʻm;
- Toshkent shahri — 1,2 mlrd soʻm.
Subsidiyani “Soliq” mobil ilovasining “Keshbek” boʻlimidagi “Kartaga pul oʻtkazish” oynasi orqali bank kartasiga oʻtkazib olish mumkin.