Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash uchun barcha sohalarda “yashil” iqtisodiyot texnologiyalarini faol joriy etish 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi vazifalari doirasidagi maqsadlardan biri. Ushbu maqsadga erishish bir vaqtning oʻzida “yashil” iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash zaruratini ham koʻndalang qoʻyadi. OECD (2011), Cedefop (2009) kabi xalqaro tashkilotlarning tadqiqotlarida inson resurslarini rivojlantirish iqtisodiyotni “yashillashtirish” uchun asos ekanligi taʼkidlanadi.

PMTI ekspertlari tahlil jarayonida quyidagi jihatlarga eʼtibor qaratdi:

1. “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish tabiiy resurslar, shu jumladan suvdan nooqilona foydalanish, havoning ifloslanishi, oʻrmonlarning qisqarishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi va iqlim oʻzgarishi kabi ekologik muammolarni hal etishda yordam beradi.
2. Yuqori darajadagi IT koʻnikmalariga ega boʻlgan aholi ulushining oshishi “yashil” bandlikning oʻsishiga boshqa omillarga nisbatan koʻproq taʼsir koʻrsatadi.
3. 2022/2023 oʻquv yilida tayyorlanadigan kadrlarning 30 foizdan ortigʻi “yashil” iqtisodiyotga mos keladi (taqqoslash uchun, 2019/2020 oʻquv yilida 5%).

Oliy taʼlim muassasalarining 2019/2020 va 2022/2023 oʻquv yillari uchun kadrlar tayyorlash parametrlari (magistratura mutaxassisliklari)ni kontent-tahlildan oʻtkazish quyidagi xulosalarni chiqarish imkonini beradi:

- Respublika oliy oʻquv yurtlarida (shu jumladan, hududiy filiallarda) “yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun eng zarur mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash, jumladan, biotexnologlar, muqobil (quyosh va shamol) energetika, shuningdek, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha muhandislar, iqlim xavfini baholash, bioiqtisodiyot boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

- Shu bilan birga, energiya tejamkor inshootlar va texnologiyalarni, jumladan sunʼiy intellektni loyihalash, foydalanish va ishlab chiqarish boʻyicha kadrlar tayyorlash ham yoʻlga qoʻyilgan.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti