Xususan, xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashida oʻsimlikshunoslik va ekologiya yoʻnalishida faoliyat yuritib kelayotgan olimlar, soha mutaxassislari va deputatlar ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi Bahodir Tajiyev ham ishtirok etdi.
Unda joriy yilning Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyatda Botanika bogʻining boʻlimini tashkil etish, viloyat shahar va tumanlarida hududning tuproq va iqlim sharoitiga mos keladigan daraxt koʻchatlari ekish boʻyicha mutaxassislarning taklif va tavsiyalarini ishlab chiqish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi muhokama etildi.
— “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir necha yil amalga oshiriladi, — dedi B. Tajiyev. — Ushbu tadbir 1-martdan boshlanib, uning doirasida kelgusi yillarda Xorazm viloyatida ushbu hududning iqlimiga mos minglab daraxt koʻchatlari ekilishi rejalashtirilgan. Bunda hammamiz faollik koʻrsatib, ekilgan koʻchatlarni parvarishlashimiz lozim, chunki ertaga oʻzimiz, farzandlarimiz shu yashil makonda yashaymiz.
Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida maʼqullangan qonunlar va koʻrib chiqilgan boshqa masalalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.