“Yashil makon” yashil kelajak sari qadamdir

    Shahrisabz davlat pedagogika institutida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.

    Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan farmoni asosida mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Ushbu loyiha, shubhasiz, aholi hayoti sifatini oshirish yoʻlidagi muhim qadam boʻlib, mamlakatimiz ekologik muvozanatini yaxshilashga qaratilgan ishlarda alohida oʻrin tutadi.

    Shahrisabz davlat pedagogika institutida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Jumladan, institut qoshidagi akademik litsey hovlisida professor-oʻqituvchilar tashabbusi bilan 200 tupga yaqin manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Shuningdek, Institutga biriktirilgan Shahrisabz shahridagi 22-umumtaʼlim maktabida 100 tup manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekildi.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunday xayrli tashabbuslar nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki atrof-muhitning havosini tozalash, inson salomatligi va ekologik muvozanatni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Ushbu ishlarning koʻlami va ahamiyati faqat bugungi kun uchun emas, balki kelajak avlodlar uchun ham bebaho merosdir, – deydi Institut rektori Sherzod Neʼmatov.