Yashil rivojlanish global instituti Orol dengizida “yashil” agrosanoat sohasidagi loyihalarni muhokama qilmoqda

    O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov kecha mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yashil rivojlanish global instituti (GGGI) Bosh direktori Frank Raysbermanni qabul qildi.

    TIV maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va Yashil rivojlanish global instituti o‘rtasida respublikada “yashil” rivojlanish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

    Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va GGGI o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, hozirgi kunda qiymati 5,9 million dollar bo‘lgan «Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun Orolbo‘yi mintaqasi uchun yashil tiklanish» loyihasi amalga oshirilmoqda. Orol dengizida yashil agrosanoat va qayta tiklanadigan energetika sohalarida loyihalar ishlab chiqilmoqda.

    Muzokaralar davomida Frank Raysberman GGGI O‘zbekistonda ekoinnovatsiyalar, energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish kabi yo‘nalishlarda turli dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.