“Assalom, sohil” deb nomlangan 23 gektarlik bu majmuada 22 ta 9-16 qavatli uy qurilmoqda. Ularda 3236 xonadon boʻladi.

Konstruksiyalar 9 balldan yuqori amplitudadagi seysmik chidamlilikka ega. Devorlar 3 qoplamali boʻlib, xonadonlar qishda iliq, yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi. Har bir xonadon modul tipidagi alohida isitish qozoni bilan jihozlanadi.

Uylar koʻchib kelish uchun tayyor holatda topshiriladi. Xaridorlar talabi va imkoniyatiga qarab, ularda komfort, biznes va ekonom klassdagi sharoitlar yaratiladi.

Majmua hududida bolalar bogʻchasi va maktab, sport va oʻyin maydonchalari, doʻkonlar, kafelar, savdo markazi barpo qilinadi.

Davlatimiz rahbari majmuaning shourumida boʻldi. Uylarga sifatli xizmat koʻrsatish, aholining dam olishi, bolalar tarbiyasi uchun sharoitlarni kengaytirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev xorij tajribasi asosida qurilgan yengil konstruksiyali kottejlarni ham koʻzdan kechirdi. Bu uylar arzonligi, oʻn kunda bitkazilishi bilan ajralib turadi, buyurtma asosida bir necha xil shaklda qurib beriladi. Bunday kottejlar, ayniqsa, togʻli va choʻl hududlari uchun juda mos keladi.