2021-yil tom maʼnoda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yili boʻldi. Yil davomida uyma-uy yurib, “Yoshlar daftari” tizimi orqali 700 mingga yaqin yoshga xonadonbay yordam berildi. Yozda oʻgʻil-qizlarning vaqtini unumli oʻtkazish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, hayotga, ertangi kunga ishonchini oshirish, dunyoqarashini yanada kengaytirish maqsadida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivali oʻtkazildi. Tadbirga 6 millionga yaqin yigit-qiz qamrab olindi.
Oʻtgan yili yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jarayonida faqat madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish bilangina cheklanib qolganimiz yoʻq. Yigit-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun har jihatdan koʻmaklashdik. Shu maqsadda ularga 3 trillion soʻmga yaqin kredit ajratildi. Bundan tashqari, mamlakatimiz tarixida birinchi marta chekka hududlar, jumladan, qishloq joylarda yashovchi yoshlarga yer ajratib berildi. Ular dehqonchiligini yoʻlga qoʻyib, baʼzilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu yurtimizda nafaqat old safdagi, yaʼni iqtidorli, bilimli yoshlarni, balki orqa safda deb bilganimiz — shahar markazidan uzoq, chekka hududlar, qishloqlardagi yigit-qizlarni ham qoʻllab-quvvatlovchi yaxlit tizim yaratilganidan darak beradi.
Hozir mamlakatimizda 7 milliondan ortiq 18-30 yoshlilar istiqomat qilib, aholining 60 foizini oʻttiz yoshgacha boʻlganlar tashkil qiladi. Bu — yoshlar mamlakatimizni rivojlantiradigan kuch, yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot drayveri, degani. Davlatimiz rahbarining kuni kecha eʼlon qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini oʻtgan yili boshlangan xayrli ishlarning mantiqiy davomi, desak yanglishmaymiz. Chunki, haqiqatan ham, xonadonbay yurib, yoshlarning muammolarini oʻrganib, hal etishga koʻmaklashish, davlatimiz ularning ortida tayanch boʻlib turganini, fikr-mulohazalarini eshitishga tayyor ekanini bildirish uchun, albatta, mahallalarda yoshlarning vakili boʻlishi shart edi.
Mazkur qarorga binoan, yoshlar muammolarini mahallaning oʻzida oʻrganib, uni toʻrt bosqichda: mahalla — tuman — viloyat — respublika darajasida hal etadigan yaxlit vertikal boshqaruv tizimi yaratiladi. U orqali biz har bir xonadonga kirib boramiz. Oʻgʻil-qizlarni ilm-fanga qiziqtirish, intellektini rivojlantirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kitobxonlik, madaniyat, mushoira kechalari, tadbirkorlik loyihalarini tashkil qilish, umuman, har bir yoshning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish imkoniga ega boʻlamiz. Deylik, bitta mahallada “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazib, hech boʻlmaganda, 10 nafar bilimdon yoshni kashf etsak, tasavvur qiling, oʻn mingga yaqin mahalladan intellektual salohiyatli qariyb yuz ming oʻgʻil-qizning yuzaga chiqishiga erishamiz. Bu tizim orqali yuz minglab yoshlarni bilim olish va tadbirkorlikka qiziqtirishimiz, bandligini taʼminlashimiz mumkin. Umuman olganda, bu ishlar Yoshlar ishlari agentligining vakili — har bir mahalla yetakchisining kundalik ish rejasidan oʻrin oladi.
Bundan tashqari, mahalladagi yetakchilar “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga moddiy koʻmaklashish, imkoniyati cheklangan oilalar farzandlarining toʻlov-shartnoma summasini toʻlab berish, yigit-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi yoki yer olishi uchun hokimning mahalladagi yordamchisi bilan hamkorlik qilish, bolalarning sport, ilm-fan, madaniyat yoʻnalishidagi toʻgarakka qatnashish xarajatini qoplab berish kabi oʻndan ziyod imtiyozni toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etishi mumkin. Prezidentimiz qarorida yoshlar yetakchisining oltita yoʻnalishdagi asosiy vazifalari belgilab berilgan. Bular — madaniyat va sanʼatni targʻib qilish, sogʻlom turmush tarzi va sportni ommalashtirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish, tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash.
Shubhasiz, ularning fidoyi xizmatini munosib ragʻbatlantirish ham qarorda koʻrsatilgan. Jumladan, mahallasida yoshlarning muammosini hal etish, hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish, jinoyatchilikni kamaytirish, oʻgʻil-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda oʻrnak boʻlgan, yoshlar bandligini taʼminlashda hokim yordamchisi bilan namunali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan yetakchilar “Yangi Oʻzbekiston islohotchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi. Yana bir muhim jihat: mana shunday namunali yetakchilar ish faoliyati natijasiga qarab Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi. Bu ularning kelgusida oʻz yoʻnalishi boʻyicha masʼul lavozimga tayinlanishi, sektor rahbari, hokim, vazir darajasiga yetishishida oʻziga xos pillapoya vazifasini oʻtaydi.
Qarorda yetakchilar zimmasiga “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, yoshlar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish vazifasi yuklangan. Shu oʻrinda bu vazifa qanday amalga oshiriladi, degan savol paydo boʻlishi tabiiy. Bu tizimlar toʻliq raqamlashtirilgan koʻrinishda boʻladi. Yetakchilar hozirgi davr talablariga mos planshet bilan taʼminlanadi, ular uchun zamonaviy ish sharoiti yaratilishi koʻzda tutilmoqda. Mana shu imkoniyatdan foydalanib, bu yetakchilar mahalladagi yoshlar muammolarini oʻrganib, ularni hal etish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri raqamlashtirilgan tizim orqali ishlaydi.