Yil boshidan buyon QES va SHESlarda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarilgani maʼlum qilindi

    Energetika 14 Aprel 2025 1235

    Bugungi kunda mamlakatimizning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4067 megavatt boʻlgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 3 ta shamol elektr stansiyasi “yashil“ energiya ishlab chiqarmoqda.

    Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, bugun soat 15:30 holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 2 mlrd kVt⋅soatni tashkil qildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, shu paytgacha quyosh elektr stansiyalari tomonidan 1 mlrd 169,9 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyasi tomonidan esa 830,1 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

    Qayd etish lozimki, 2025-yilning boshidan bugungi kungacha shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 2024-yili shamol elektr stansiyalari tomonidan yil davomida ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi miqdoridan (799 mln kVt·soat soat) koʻpdir.

    Buning natijasida:

    — 600 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
    — atmosferaga 1 mln 176 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid va 1 ming 176 tonna azot oksidlari chiqishining oldi olindi.

    Qolaversa, joriy yil boshidan bugun, 12-aprel soat 15:30 ga qadar Oʻzbekistondagi barcha gidro elektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 3 mlrd 707 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

    Buning natijasida:

    — 1 mlrd 112,1 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
    — atmosferaga 2 mln 179 ming 716 tonna karbonat angidrid va 2 ming 179,7 tonna azot oksidlari chiqishining oldi olindi.

    Maʼlumot uchun: mazkur hajmdagi elektr energiyasi 4 million 633 ming 750 ta xonadonning 4 oylik yoki 1 million 544,6 mingta xonadonning bir yillik meʼyoriy bazasini tashkil qiladi.