“Yil imomi – 2022” tanlovi gʻolibi haj yoʻllanmasi bilan taqdirlandi

    Ijtimoiy hayot 29 Noyabr 2022 1097

    Bugun, 29-noyabr kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasida Respublikamizdagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar oʻrtasida “Yil imomi – 2022” koʻrik tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.

    Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bosqichlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan imom-xatiblar bellashdi.

    Musobaqaning Respublika bosqichi qatnashchilari tafsir, aqoid, fiqh, islom tarixi, hadis ilmlari, Movarounnahr allomalari hayoti va ijodiga oid savollarga javob berishdi hamda oʻz faoliyatlari davomida amalga oshirgan ishlarini taqdim qildi. Musobaqa qatnashchilarining chiqishlari malakali hakamlar hayʼati tomonidan adolat mezonlari asosida munosib tarzda baholab borildi.

    Tanlovda qatnashgan imom-xatiblar orasidan quyidagilar 1-, 2-, 3-oʻrinlarni qoʻlga kiritdi:

    1-oʻrin – Andijon viloyati Andijon shahridagi “Gʻishtli” jome masjidi imom-xatibi Botirjon domla Tojiboyevga I darajali diplom va Haj safari yoʻllanmasi;

    2-oʻrin – Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Eshon bobo” jome masjidi imom-xatibi Ibodullo domla Usmonovga II darajali diplom va Umra safari yoʻllanmasi;

    3-oʻrin – Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi “Islom Nuri” jome masjidi imom-xatibi Ahadxon domla Sobirovga III darajali diplom va 10 mln 500 ming soʻm pul mukofoti topshirildi.

    Maʼlumot uchun:

    respublikamizda 2 116 ta masjid faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda shu vaqtga qadar 12 ta yangi masjid davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, moʻmin-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi. Ayni kunlarda yurtimizda 325 ta masjid qaytadan qurilmoqda.