Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi Toshkent metropoliteni uchun yangi poyezd suratlarini chop qilgan. Rejaga koʻra, yil yakuniga qadar poytaxt metrosiga har biri toʻrtta vagondan iborat 10 ta shu kabi poyezdlar yetkazib beriladi. Bu haqda podrobno.uz xabar bergan.
Toshkent metropoliteni uchun Rossiyaning 10 ta poyezdi 63 million yevroga sotib olinmoqda. Bundan 50 million yevro poyezdlarni xarid qilishga sarflansa, qolgani valyuta konvertatsiyasi, sugʻurtalash, bojxona toʻlovlariga yoʻnaltiriladi.
Yangi poyezdlar toʻsiqsiz oʻtish joylari, keng eshiklar, eshiklarni yopish va ochishning yangi nurli xabar berish tizimi bilan jihozlangan. Shuningdek, poyezd gʻildiraklari shovqinni yutuvchi konstruksiyalar, ekologik materiallar, vagonlarni shovqin va issiqlikdan himoya qiluvchi vositalar va boshqa qulayliklarga ega.
Pandemiya sharoitida yana bir muhim jihat nazarda tutilgan. Salonda konditsionerlash, ventilyatsiya va havoni zararsizlantirish tizimlari oʻrnatilgan. Bosh vagonlarda nogironlik aravachalari uchun joylar belgilangan.
Ayni paytda Oʻzbekistonda 5 ta shunday poyezdlardan foydalanilmoqda.