Tadbirda taʼkidlanishicha, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi har yili 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni arafasida o‘tkazilardi.  Uning nizomi deyarli o‘zgarmasdi.

2022-yildan ushbu tanlovni yilning iyun oyida emas, yil oxrida o‘tkazishga kelishib olindi. Shunga muvofiq tanlov nizomi taklif va tavsiyalar asosida faqat shu yil uchun butunlay yangidan ishlab chiqildi, tegishli tartibda kelishildi.

Tanlov yangi nizomiga binoan jurnalistlarni tanlovga hujjat topshirish amaliyotidan voz kechildi. Tajriba-sinov tariqasida nomzodlarni tanlovga tavsiya etish tartibi joriy etildi. Tanlov nizomida tanlovga nomzodlarni istagan fuqaro tavsiya etishi, shuningdek, Uyushma hududiy bo‘limlari qoshida tuziladigan komissiyalar aʼzolari, jurnalistlar, jamoatchilik aʼzolari, faol fuqarolar tavsiya etishi mumkinligi belgilandi.

Nizom asosida o‘tkazilgan bu yilgi “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘olibligiga Uyushma elektron manzil va murojaat botiga mamlakatimiz bo‘yicha uch yuz nafardan ko‘proq jurnalist-ijodkorlar tavsiya etildi.

– Tavsiya etilgan nomzodlar Uyushma ishchi guruhi xodimlari tomonidan ko‘rib chiqildi. Bu jarayonda tavsiya etilgan nomzodlarning muayyan qismining ijodiy ishlari OAVda eʼlon qilingani aniqlanmagani, baʼzi ijodiy ishlar esa sheʼrlar va nizom talablariga javob bermagani uchun ularning ijodiy ishlari hakamlar hayʼtiga topshirilmadi, – deydi O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi X.Salimov. – Ikkinchi bosqichda tanlov nizomi talablariga javob beradigan 210 nafar ishtirokchining ijodiy ishlari hakamlar hayʼatiga taqdim etildi. Ularning  89 nafari matbuot, 66 nafari teleradio, 45 nafari internet yo‘nalishlariga tegishli bo‘lsa, 10 tasi publitsistik janrdagi kitoblardir. Uchinchi bosqichda to‘rt yo‘nalish – matbuot, teleradio, internet va publitsistik janrdagi kitoblar yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy ishlarni ko‘rgan hakamlar har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblikka uch nafardan, 27 nomzodni tavsiya etishdi. To‘rtinchi bosqichda ana shu 27 nomzod ichidan 9 nafar g‘olib aniqlandi.

Qayd etilishicha, Uyushma moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqqan holda faqat shu yil uchun tanlov 9 nominatsiya bo‘yicha o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 27-iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Yilning eng yaxshi publitsistik janrdagi kitob uchun” nominatsiyasi  tanlov nominatsiyalari qatoriga qo‘shildi.

– Bu tanlov sohamizda yil sarhisobi sifatida muhim ahamiyatga ega, – deydi tanlov g‘olibi Rasuljon Kamolov. – Mana, bugun yil davomida qilgan kamtarona mehnatimiz munosib eʼtirof etildi. Tahririyatimiz tavsiyasi bilan bugun "Sog‘lom turmush tarzi va sport mavzusi yoritilgan eng yaxshi material uchun” nominatsiya g‘olibi bo‘ldim. Bu eʼtirof yangi yilda bizga kuch-quvvat, yangi g‘oyalar beradi.  

“Yilning eng faol jurnalisti” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari:

“Inson qadrini ulug‘lashga bag‘ishlangan eng yaxshi material uchun” —  Fozil Jabborov (Fozil Farhod), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i.

“Oila, mahalla va gender tenglik mavzusi yoritilgan eng yaxshi material uchun” — Charos Mannonova, “Kun.uz” internet nashri muxbiri.

“Harbiy-vatanparvarlik mavzusi yoritilgan eng yaxshi material uchun” — Sherzod Abdusamatov, IIV birlashgan tahririyati “Postda – Na postu” gazetasi va “Qalqon-Щit” jurnali muxbiri.

“Yoshlar muammolari yoritilgan eng yaxshi material uchun” — Abdulla Chimirzayev, “Sof.uz” internet nashri muxbiri.

“Sog‘lom turmush tarzi va sport mavzusi yoritilgan eng yaxshi material uchun” — Rasuljon Kamolov, “Yangi O‘zbekiston” gazetasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha muxbiri.

“Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yoritilgan eng yaxshi material uchun” — Mehrojiddin Darxonov, “O‘zbekiston24” telekanali katta muharriri.

“Bandlik va ijtimoiy himoya masalalari yoritilgan eng yaxshi material uchun” — Xolbibi Safarova, “Yoshlar” telekanali Navoiy viloyati bo‘yicha muxbiri.

“Yilning eng yaxshi tanqidiy-tahliliy materiali uchun” — Sohiba Akromova, “Sevimli” telekanali “Zamon” informatsion dasturi muxbiri.

“Yilning eng yaxshi publitsistik janrdagi kitob uchun” — Ahmadjon Meliboyev, “Jahon adabiyoti” jurnali Bosh muharriri.