Hisobot yigʻilishida 2021-yilda yaratilgan romanlar yuzasidan filologiya fanlari doktori Karomat Mullaxoʻjayeva, qissalar yuzasidan falsafa fanlari boʻyicha fan doktori Abdulla Ulugʻov, yil hikoyalari boʻyicha falsafa fanlari boʻyicha fan doktori Oyimxon Eshniyazova hamda yozuvchi Nurilla Chori maʼruza qildi.

Yigʻilishni Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid ochib berdi va kengash raisi Isajon Sulton olib bordi. Unda bugungi kundagi adabiy jarayonlar, Nasr kengashining faoliyati xususida fikrlar bayon qilindi.

Maʼlumki, oʻtgan yili qator koʻrik-tanlovlar oʻtkazilib, nasriy asarlar gʻolib deb topildi. Jumladan, “Vatan uchun yashaylik” badiiy asarlar tanlovida Orziqul Ergashning “Yulduzsiz osmon” va “Qalb gavhari” kitoblari birinchi oʻringa, Sobir Oʻnarning “Kunsuluvning sirli xatlari” hikoyalar toʻplami ikkinchi oʻringa loyiq koʻrildi. “Eng ulugʻ, eng aziz” koʻrik-tanlovida Zulfiya Qurolboy qizining “Mashaqqatli hayot soʻqmoqlari” romani, “Yilning eng yaxshi asari” koʻrik-tanlovida yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammadning roman, qissa va hikoyalardan iborat toʻrt jildlik kitoblari gran-priga, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romani birinchi oʻringa munosib deb topildi, deya aytib oʻtildi yigʻilishda.

– Keyingi yillarda yozuvchilar tomonidan tarixiy romanlarni koʻp yaratilishi, kitobxonlarni quvontirmoqda, – deydi adabiyotshunos Karomat Mullaxoʻjayeva. – Xususan, Isajon Sultonning “Alisher Navoiy”, Shoyim Boʻtayevning “Oʻtashan yettinchi tong”, Uygʻun Roʻziyevning “Shabnam soyasida” Akmal Saidovning “Ikki sohil qoʻshigʻi” romanlarini keltirish mumkin. Asarlarda har bir muallif oʻsha davr hayotini yaxshi oʻrgangani koʻzga tashlanadi.

Hisobotda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan Qatagʻon qurbonlariga bagʻishlangan tanlovda ham yaxshi natijalarga erishilgani taʼkidlandi. Unga koʻra 1-oʻringa Xurshid Doʻstmuhammad “Yuz yillik qotillik qissasi” nomli tarixiy-hujjatli-maʼrifiy qissasi uchun, 2-oʻringa Sherkon Qodiriy “Diydor qiyomatga qolsa netay” asari uchun, Sirojiddin Ahmedov Qatagʻon qurbonlariga oid bir turkum asarlari, 3-oʻringa Abduqayum Yoʻldoshev “Jadid” qissasi uchun, Sattor Tojiboyev “Niqoblangan razolat” hamda “Kremlning qaltis oʻyini” nomli 2 jildlik badiiy-hujjatli asarlari uchun, Ismatilla Yoʻldoshev (marhum) – “Maxfiy mahkama yoxud... qonunsiz qamalganlar” qissasi uchun sazovor boʻldi.

Shuningdek, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi bilan adibning tanlangan asarlari, Abdusaid Koʻchimovning 70 yilligiga esse va qissalardan iborat tanlangan asarlari, Soyim Isʼhoqning 80 yilligiga “Ona yoʻlbars hamlasi” hamda adib Asad Asilning 80 yilligiga “Parvoz” romanlari uyushmaning “Adabiyot” nashriyotida chop etildi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamning 4 jilddan iborat tanlangan asarlari ham 2021-yilda nashr etildi.

Bundan tashqari yil davomida turli mualliflarning asarlari muhokamasiga bagʻishlangan kengash yigʻilishlari oʻtkazildi. Jumladan, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Kleopatra” romani “Jahon adabiyoti” jurnalida chop etildi. Noyabr oyida yozuvchi Risolat Haydarovaning “Sebzor” hujjatli asari yuzasidan yigʻilish oʻtkazilib, turli fikr hamda takliflar bayon etildi.

Hisobot yigʻilishida oʻtgan davr mobaynida erishilgan yutuqlar va kamchiliklar muhokama qilindi hamda kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist