Bugun yurtdoshlarimiz yilning eng yirik loyihalari – shaxmat boʻyicha onlayn Oʻzbekiston chempionati hamda kibersport boʻyicha ““Uzbekistan Online Cup” musobaqalarining Grand Final gʻoliblarini bilib olishdi.

Musobaqa yakunlariga koʻra, shaxmat boʻyicha onlayn Oʻzbekiston chempionatida birinchilikni Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi 10 yoshli Humoyun Bekmurodov qoʻlga kiritdi va Spark avtomobili bilan taqdirlandi.

Shuningdek, umumiy jamgʻarmasi 100 million soʻmdan ziyod boʻlgan kibersport musobaqasi gʻoliblariga ham sovgʻalar topshirildi.

Kunning eng kulminatsion voqeasi – murakkab sharoitda kechgan 2020-yilning “Eng yaxshi sportchisi” nominatsiyasiga dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Davlat Bobonov munosib koʻrildi.

Qolgan nominatsiyalarda gʻoliblar quyidagicha koʻrinish oldi:

“Yilning eng yaxshi treneri” – Roman Shakirov, sambo boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi;

“Yilning eng yaxshi sport shifokori” – Sunnatilla Yoʻlchiyev, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi sport travmatologi;

“Yilning eng yaxshi sport tashkiloti” – Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi.