Hukumatimiz tomonidan maktabgacha ta’lim tizimida samarali faoliyat olib borayotgan, farzandlarimizni har tomonlama yetuk shaxs etib tarbiyalashda ulkan hissa qo‘shayotgan pedagoglar mehnatini rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2019-yildan beri o‘tkazilib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovi buning yaqqol misolidir.
2022-yilning 20-21 oktyabr kunlari Toshkent shahridagi Puchon universitetida “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2022” respublika kasbiy ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Respublika bosqichida ko‘rik tanlovning viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jami 70 nafar pedagog (har bir hududdan 5 nafardan) 5 ta nominasiyasi bo‘yicha o‘z kuch va mahoratini sinadi. “Eng yaxshi metodist tarbiyachi”, “Eng yaxshi kreativ tarbiyachi”, “Innovasion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi loyiha muallifi”, “Mohir qo‘l ustasi” kabi nominasiyalarida uchun bellashuv qizg‘in kechdi.
Birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni olgan qatnashchilar ko‘rik-tanlovning belgilangan pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
Jumladan:
1-o‘rinni olgan 5 nafar g‘olibning har biriga – 11 000 000 so‘m;
2-o‘rinni olgan 5 nafar g‘olibning har biriga – 7 000 000 so‘m;
3-o‘rinni olgan 5 nafar g‘olibning har biriga – 4 500 000 so‘m.
Bundan tashqari, tanlovning respublika bosqichida har bir nominasiya bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan g‘oliblar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishiga o‘qishga kirishda imtiyozga egaligi e’lon qilindi.
Shuningdek, tanlovning respublika bosqichida qatnashayotgan barcha ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar va tashakkurnomalar bilan taqdirlanishdi.