Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tezkor xodimlari hamkorligida Nukus shahrida oʻtkazilgan tadbir chogʻida 1972-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan mahalliy fuqaro qoʻlga olindi.
U Shumanay tumanida yashovchi, 1965-yilda tugʻilgan shaxsga 9 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini 4 million soʻmga sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tekshiruv jarayonida mazkur shaxsning yonidan qoʻshimcha ravishda 5 gramm “opiy” ham aniqlanib, olib qoʻyildi.
Olib borilgan surishtiruvlar natijasida ushbu giyohvandlik vositasi 1981-yilda tugʻilgan, ilgari ham giyohvandlik moddalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs orqali olingani maʼlum boʻldi. Xoʻjayli tumanida davom ettirilgan tezkor tadbirda u 20 gramm “opiy”ni 8 million soʻmga sotish jarayonida qoʻlga olindi.
Shuningdek, uning yonida boʻlgan sumkadan jami 1 kilogramm 176 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi topilib, protsessual tartibda musodara qilindi.
Tekshiruvlar davomida mazkur giyohvandlik vositasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgani aniqlandi.
Hozirda ushlangan uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Qonunchilikka muvofiq, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.