Boisi, xalq farovon, oilalar tinch-totuv yashashining asosi ham, kambagʻallikni qisqartirish-u, mahallalarda jinoyatchilik va boshqa salbiy holatlar oldini olishning muhim shartlaridan biri ham odamlarni ish bilan taʼminlash, doimiy daromadga ega boʻlishiga koʻmaklashishdan iborat.

Kambagʻallikni qisqartirish bevosita aholi bandligini taʼminlash bilan bogʻliq ekani kunday ravshan. Buning uchun har bir hudud masʼullari zimmasiga aniq vazifalar yuklanyaptiki, maqsad odamlarni oʻzi istagan soha yoki ishga yoʻnaltirib, ularni rozi qilishdan iborat. Ushbu vazifalarni bajarish uchun esa barcha sohalarni barqaror rivojlantirish hamda koʻproq investitsiyalar jalb etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Toshkent viloyatida ham investitsion loyihalar koʻlami yil sayin kengayib borayotganing boisi shunda. Xususan, oʻtgan yili toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish hajmi 135 foiz oʻsgan boʻlsa, joriy yilning olti oyida 240 million dollarlik 322 ta investitsion loyiha ishga tushirilib, 8 mingta ish oʻrni yaratilgan. Davlatimiz rahbari shu yilning 2-avgust kuni viloyatga tashrifi chogʻida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida ana shunday yangi sanoat, xizmat koʻrsatish va ijtimoiy soha majmualarining yana bir nechtasini ishga tushirar ekan, bunday loyihalarni har bir tuman va shaharda amalga oshirish, ular orqali koʻplab ish oʻrinlari yaratish zarurligini taʼkidladi.

Kambagʻallik darajasini 7,9 foizga tushirish maqsad qilingan

Bandlikni taʼminlash uchun, avvalo, ishsizlik koʻrsatkichlarini aniqlash, omillarini oʻrganish oʻrinli boʻladi. Yurtimizda kambagʻallik darajasi ilk bor eʼlon qilingan kundan boshlab har bir hududda bu ishlar amalga oshirilyapti. Yaʼni mavjud holatni berkitish emas, balki unga qarshi kurashish, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrish yoʻli tanlandi.

Toshkent viloyatida ayni kezda 116,7 ming ishsiz mavjud. 142 ming nafari esa mamlakatimizdan tashqariga yoki chet davlatlarga ishlashga ketgan. 10,9 ming yosh oliy taʼlim, 16,5 ming nafari kasb-hunar taʼlimida oʻqisa, 28,6 ming nafari maktab bitiruvchilaridir. Shulardan kelib chiqib, joriy yilda 480 ming aholini daromad keltiradigan mehnat bilan band qilish boʻyicha tarmoqlar kesimida maqsadli koʻrsatkichlar shakllantirilgan. Bu fuqarolarning 248,4 mingi birinchi yarim yillikda doimiy va mavsumiy ishlarga jalb qilindi. Shuningdek, turli sohalar, xususan, qurilish-transport, kommunal va uy-joy qurilishi, qishloq xoʻjaligi, turizm va madaniyat, moliya-iqtisodiyot, tadbirkorlik, tashqi savdo hamda mahalliy sanoatni rivojlantirish hisobiga aholi bandligi taʼminlanmoqda. Buning ortidan viloyatdagi kambagʻallik darajasini hozirgi 11,9 foizdan yil yakuni bilan 7,9 foizga tushirish koʻzda tutilgan.

Ish bilan taʼminlashda tadbirkorlik asosiy yoʻnalishlardan biriga aylandi. Ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib borayotgani yurtdoshlarimizning bu sohaga qiziqishini kengaytirmoqda. Avvallari, tadbirkorlik qilishga qoʻrqib, hatto unga yaqin bormagan odamlar bugun bir necha xil biznes yuritib, katta korxonalarga asos solyapti. Oʻnlab, yuzlab kishilarni ish bilan taʼminlayapti.

Albatta, bu borada tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyat, imtiyoz va ragʻbatlar ham katta koʻmak boʻlib, mustahkam ishonch bermoqda. Birgina oilaviy tadbirkorlik dasturini olsak, uning doirasida 2018—2023-yillarda viloyatda jami 1 trillion 538,8 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Ijtimoiy daftarlardagi ishsiz 2 ming 307 fuqaroni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida esa 9,6 milliard soʻm subsidiyalar berilgan. Bu 5 yil ichidagi mablagʻlar koʻlami. Ana endi joriy yildagi vazifalarga eʼtibor qarataylik: 2023-yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 1 trillion 80 milliard soʻm kredit, 26 milliard soʻm subsidiya ajratilishi belgilangan. Bu orqali 17 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etiladi. Raqamlardan koʻlamni oʻzingiz chamalayvering. Koʻrinib turibdiki, bu yil viloyat ahlining tadbirkorlik koʻrsatkichlarini oshirish maqsadida oʻtgan 5 yildagi, hatto undan ham koʻproq mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Davlat tadbirkorga, tadbirkor esa fuqarolarga koʻmaklashadi

Bu borada shu yildan start olgan yana bir katta loyiha haqida toʻxtalish joiz. “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi yurtimizda boshlangan xayrli va keng miqyosdagi ishlardan biri. Yaʼni loyihada ishtirok etishni istagan tadbirkorni davlat har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, ish faoliyatidagi zarur yordamlarni koʻrsatadi, ishbilarmon esa hududidagi ishsiz aholini oʻz yoʻnalishi boʻyicha oʻqitib, mutaxassis sifatida tayyorlaydi hamda bandligini taʼminlaydi.

Hozirga qadar viloyat boʻyicha 1 ming 884 tadbirkor dastur doirasida hamkorlik qilish istagini bildirib, 48 ming 162 fuqaroning bandligini taʼminlash taklifini berdi. Rasmiy internet sayti orqali ham 439 ta tadbirkor tomonidan dasturda ishtirok etish boʻyicha arizalar yuborilgan. Kelib tushgan barcha arizalar viloyat ishchi guruhi aʼzolari, tuman (shahar) hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari hamda korxona joylashgan mahalladagi hokim yordamchilari tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganilib, online-mahalla.uz platformasi orqali tegishli xulosalar berilmoqda. Hisobot davrida arizalarning 320 tasiga “hamkorlik shartnomasi” yaratilgan boʻlib, 213 tasiga sertifikat taqdim etilgan yoki “hamkorlik shartnoma”lari tuzilgan. Shuningdek, ushbu tadbirkorlar tomonidan 33 ming 637 ta yangi ish oʻrni yaratilishi belgilangan.

Tadbirkorlarning 88 tasi hal etilishi lozim boʻlgan qator muammo va takliflarini ham bildirishdi. Jumladan, ularning 13 tasi soliq, 3 tasi bojxona, 27 tasi kredit, 2 tasi “amaliy monomarkaz” xarajatlarini qoplash, 4 tasi yoʻl taʼmiri, 9 tasi gaz taʼminoti, 14 tasi elektr taʼminoti, 12 tasi bino-inshootga boʻlgan talab va 3 tasi ichimlik suv taʼminotini yaxshilash bilan bogʻliq. Masalan, Boʻka tumanidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini quritish, qadoqlash va eksport qilish bilan shugʻullanuvchi “TNA Agro Invest” MCHJ bulgʻor qalampiri yetishtirish uchun koʻchatxonasi yoʻqligini bildirdi. Korxona koʻchatlarni vodiy viloyatlaridan olib keladi. Bu esa mahsulot tannarxiga taʼsir qilmoqda. Oʻrganishlarga koʻra, ushbu korxonaga tuman hududidan 4 gektar yer ajratilishi orqali aholi tomorqasidagi 270 gektar hamda dehqon xoʻjaliklari ixtiyoridagi 980 gektar yerda kooperatsiya usulida bulgʻar qalampiri ektirib, mahsulotni sotib olishni yoʻlga qoʻyishi mumkin. Natijada 1,5 mingdan ortiq aholi bandligi taʼminlanadi. Qolaversa, mazkur korxona yangi tizim asosida Boʻka tumanining Bunyodkor, Joʻraobod, Qoʻldoshtepa, Ramadon, Kiyikchi, Qulduroq mahallalaridagi kambagʻal oilalarning 225 aʼzosini oʻqitib, ishga qabul qiladi.

Oʻrtachirchiq tumanida esa hozirgi kunda 4 ta mahalladagi 104 ta xonadonda mebel ishlab chiqariladi va bu ish bilan 835 kishi band. Ushbu xonadonlarda joy torligi va mebel ishlab chiqarishga noqulay sharoit sababli qoʻshimcha ish oʻrnini yaratish imkoni boʻlmayapti. Shuning uchun mazkur mahallalarga tutash hududdagi “Qorasuv mebel savdo” korxonasi tomonidan 1,5 gektar maydonda 50 ta sexdan iborat “mikromarkaz” tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yerda kamxarj oilalarning 160 aʼzosi oʻqitilib, bandligi taʼminlanadi. Korxona rahbari shu yangi loyihani amalga oshirish uchun 10 milliard soʻm kredit ajratilishini soʻragan. Dastur doirasida har bir hududdagi talabgir tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali ish oʻrinlarini koʻpaytirish maqsad qilingan.

Umuman, aholi bandligini taʼminlashga xizmat qiladigan hech bir soha va tarmoqni eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi. Hatto mahallalarda soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha ham ishlar faollashgan. Dastlabki bosqichlarda Boʻka tumani shtabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Soliq tizimini mahalla darajasigacha tushirish boʻyicha ushbu tumandagi 44 ta mahallaga jami 235 nafar, shundan 59 nafar soliq xodimi va boshqa tashkilotlardan 176 masʼul biriktirilib, ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular tomonidan mahallalarda faoliyat yuritayotgan 2 ming 776 ta tadbirkorlik subyekti xatlovdan oʻtkazildi. Jarayonda boʻsh turgan binolar, yer maydonlari, tadbirkorlik subyektlari soni, ularning faoliyati oʻrganilib, xulosalar berilmoqda. Bundan tashqari, tumandagi 25 ming 651 ta xonadon xatlovdan oʻtkazilib, aholiga kredit, yer maydoni ajratish, ruxsatnoma olish va boshqa yoʻnalishlarda koʻmaklashish orqali 679 ta loyiha boʻyicha 1 ming 235 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirildi.

Bir soʻz bilan aytganda, Toshkent viloyatida odamlarni ish bilan taʼminlash imkoniyatlari yuqori. Hududda qishloq xoʻjaligi bilan bir qatorda sanoat, xizmat koʻrsatish, tadbirkorlik va boshqa sohalar ham rivojlanmoqda. Bu aholini “ustoz-shogird” anʼanasi asosida turli sohalarga oʻqitish, koʻplab boʻsh ish oʻrinlari yaratish imkoniyati oshib boryapti, degani. Maqsadimiz esa ana shu loyihalar har bir tuman, eng chekka qishloqlargacha kirib borishini taʼminlashdan iborat.

Ziyodbek YOʻLDOSHEV,

Toshkent viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshligʻi