Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqoʻrgʻon shahar boʻlimi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Yakkabogʻ” MFYdagi uyda fuqaro M.Sh. umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga mayning qurilmalarini oʻzboshimchalik bilan ulab, 81,1 ming kVt/s elektr energiyasini noqonuniy sarflaganligi hamda ushbu xonadon xoʻjalik binosida fuqaro A.A. 52,1 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 144,3 mln. soʻm zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Departamentning Urgut tuman boʻlimi tomonidan tuman elektr taʼminoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Q.A.” fermer xoʻjaligi ish boshqaruvchisi Gʻ.R. umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga xoʻjalikning 2 dona suv nasosini oʻzboshimchalik bilan ulab, 267 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 120,1 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Sharof Rashidov tuman boʻlimi tomonidan “Hududgaz Jizzax” GTF shahar gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.A.” oilaviy korxonasiga qarashli issiqxonada gaz hisoblash uskunasiga tashqaridan taʼsir oʻtkazilib 119,1 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 119,1 mln. soʻm zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.