Yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va savdo hamkorligini rivojlantirish choralarini muhokama etishga bagʻishlangan uchrashuvda vazir oʻrinbosari Akram Aliyev hamda Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida misrlik tadbirkorlarga Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalar, infratuzilma, shuningdek, tadbirkorlar manfaatlarini qonuniy himoya qilish choralari taqdim etildi. Shuningdek, davlat privatizatsiya dasturi va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosidagi loyiha tashabbuslari namoyish etildi.
Xorijiy tomon Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni yuqori baholadi va qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, oziq-ovqat, transport, energetika va suv xoʻjaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro savdo hajmini oshirish va investitsion tashabbuslarni amalda tatbiq etishni jadallashtirish boʻyicha aniq qadamlarni kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.