Yo loyiha “shishirilgan”, yo keraksiz uskuna olib kelingan, yoki bu texnologiyalarni ishlatishni biladigan mutaxassis yoʻq — Prezident

    Hukumat 18 Yanvar 2024 1025

    Bosh prokuraturaga chetdan karra-karra qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash va bunga chek qoʻyish boʻyicha nazorat tizimini yaratish topshirildi.

    Prezident investitsiya sohasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

    Soʻnggi olti yilda sanoatga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 7 barobar oshdi.

    Lekin, kompleks, tarmoq va hudud rahbarlarida har bir dollar investitsiya qancha ish oʻrni yaratgani, qoʻshilgan qiymat va eksport qanchaga oshgani borasida tahlil yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

    Masalan, mamlakatimizda sementga yillik ehtiyojni ortigʻi bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan.

    Lekin, mutasaddilar sementdan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni koʻpaytirish, ekologiyaga zararli taʼsirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish oʻrniga yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli.

    Yoki soʻnggi uch yilda chetdan 14,2 milliard dollarlik asbob-uskunalar olib kelindi. Lekin, shuncha texnologiya kiritilayotgani bilan hududlarning sanoat eksporti shunga mutanosib oshmagan.

    Shuncha mablagʻ hisobiga sanoat va eksport oʻsmayapti-mi, demak yo loyiha “shishirilgan”, yo keraksiz uskuna olib kelingan, yoki bu texnologiyalarni ishlatishni biladigan mutaxassis yoʻq - dedi davlat rahbari.

    Bosh prokuraturaga chetdan karra-karra qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash va bunga chek qoʻyish boʻyicha nazorat tizimini yaratish topshirildi.

    Yigʻilishda qator hudud va tarmoqlarda ishga tushirilgan korxonalar va uskunalar eksport natijasiga taʼsir koʻrsatmaganiga aniq misollar keltirildi.

    Loyihalar samaradorligi ustidan yetarli nazorat olib borilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

    Endilikda har bir vazir oʻrinbosari, boshqarma boshligʻi va vazirlik xodimiga korxonalarda ish oʻrni yaratish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar joriy etilishi belgilandi.

    Elektrotexnika, qurilish materiallari, toʻqimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, charm, parranda, zargarlik, ipak, mebel tarmoqlarida ishlamayotgan korxonalar, bekor turgan uskunalarni toʻliq quvvatda ishlashiga koʻmaklashish muhim ekani taʼkidlandi.