Shu bois Oʻzbekiston yod tanqisligi kasalliklari keng tarqalgan endemik mintaqalar sirasiga kiradi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti oʻtkir global tibbiy-ijtimoiy va demografik muammo sifatida baholayotgan ushbu xastalik 130 dan ortiq mamlakatda uchraydi.

Dunyo aholisining uchdan bir qismidan koʻprogʻida uning rivojlanish xavfi yuqori. Shunday hududlarda yashovchi 740 million nafar kishida yod tanqisligi kasalliklarining turli koʻrinishlari mavjud va ularning 50 million nafarida miya disfunksiyasi va aqliy zaiflik kuzatilishi kishini yana ham xavotirga soladi.

Bu kabi holatlarning asosiy “aybdor”i — yod mikroelementidir!

Xoʻsh, bu modda hayotimizda nega bunchalik muhim ahamiyat kasb etadi?

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar ilmiy boʻlimi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Nasiba Alimova bu boradagi  fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

— Yod mikroelementi inson organizmida qalqonsimon bez gormonlarining normal sintezlanishi uchun zarur, — deydi N.Alimova. — Yetarli darajada yod isteʼmol qilmaslik qalqonsimon bez funksiyasining buzilishiga olib keladi.

Ming afsuski, hozir yurtimizda yod tanqisligi bilan bogʻliq kasalliklarga chalinish xavfi boʻlmagan hududning oʻzi yoʻq. Deyarli barcha aholi vakillari ratsionida bu mikroelement tanqisligi kuzatiladi.

Kimga qancha yod zarur?

— Yod shunday moddaki, uni inson organizmi ishlab chiqara olmaydi, faqat tashqi muhit orqali qabul qilishi mumkin.

Yodga boʻlgan ehtiyoj chaqaloqlarda kuniga 50 mikrogramm, 1 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan bolalarda 90 mikrogramm, 7 yoshdan 10 yoshgacha boʻlganlar uchun 120 mikrogramm, oʻsmirlar va kattalarda esa 150 mikrogrammni tashkil qiladi.

Ayollarda homiladorlik va emiziklilik davrida yodga boʻlgan ehtiyoj kuniga 200-300 mikrogrammgacha ortib ketadi. Chunki onaning tanasi yodni homila yoki emizikli bola bilan boʻlishadi.

Yod yetishmasa, yodlash qobiliyati susayadi(mi?)

— Tanadagi yod miqdorining doimiy kamayib borishi va qonda qalqonsimon gormonlar konsentratsiyasining pasayishi natijasida bola miyasining rivojlanishi buziladi. 

Yod tanqisligi sabab bolada ogʻir klinik kasalliklar, yaʼni endemik buqoq, jismoniy va ruhiy jihatdan rivojlanishdan orqada qolish, aqliy zaiflik paydo boʻlishi kuzatiladi. Yod yetishmovchiligidan kelib chiqadigan asoratlar perinatal va chaqaloqlar oʻlimiga olib kelishi mumkinligini ham unutmaslik kerak.

Dunyo olimlarining tadqiqotlariga koʻra, yodning nisbatan kichik tanqisligi boʻlgan hududlardagi maktab oʻquvchilarining 10 foizga yaqinida endemik buqoqning tarqalish xavfi mavjud. Bunday joylardagi aholining IQ darajasi va boshqa intellektual koʻrsatkichlari oʻrtacha 10 foizga kamayishi kuzatilgan.

Yod yetishmovchiligi bolalarning:

- 90 foizida nutq rivojlanishining orqada qolishi,

- 80 foizida emotsional taʼsirchanlik va agressiya,

- 30 foizida eʼtibor sustligi,

- 20 foizida oʻz tengdoshlari va kattalar bilan muloqotning qiyinlashuvi,

- 10 foizida aqliy rivojlanishning orqada qolishi kabi salbiy holatlar bilan namoyon boʻladi.

Bu tahlillar yod yetishmovchiligining naqadar jiddiy asoratlarga olib kelishini koʻrsatib turibdi.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.