Egnida oq yaktak, beliga belbogʻ bogʻlagan usta tong havosidan toʻyib nafas olib, ustaxona tomon odimladi. Bir muddat atrofni koʻzdan kechirdi, xomashyolarga nazar soldi. Oddiy yogʻochlarga ajib manzara, naqshlar solish bilan andarmon boʻlib izlanayotgan shogirdlari ishiga eʼtibor berib, naqshlar ustiga mehr bilan qoʻl yugurtirdi, yoshlar ishidan koʻngli toʻldi. Gʻayrati joʻsh urdi, qoʻliga iskana va bolgʻachani olib, yogʻoch ustiga engashgancha ishga kirishdi...
Taniqli yogʻoch oʻymakor usta Muhammadali Yunusov faoliyatini shu tarzda boshlashga odatlangan. Quloch yetmas ustunlarga turfa naqsh solish hayotining mazmuniga aylanganiga yarim asrdan oshdi. Uning qalb qoʻri, koʻz nuri, ijodkorlik qobiliyati bilan ishlangan turfa yogʻoch buyumlar, ayvon va ustunlar yillar davomida elga manzur boʻlib kelmoqda.
Mahobatli ustunlar, naqshinkor ayvonlar nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham maʼlum va mashhur. Usta yasagan amaliy sanʼat namunalari hayratni oshiradi. Mahobat bilan ishlangan har bir naqshning oʻz jilosi, ohanrabosi bor. Qalbga ezgulik, yuraklarga hayrat urugʻini sochadi.
Muhammadali aka ellik yildan buyon yogʻoch oʻymakorlik bilan shugʻullanib, elda hurmat-izzat topdi. “Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeniga munosib koʻrildi.
— Naqqoshlik bizga otameros, — deydi usta. — Men beshinchi avlod vakiliman. Qoʻlimga iskana olganimda nari borsa, 6-7 yoshli bola edim. Har bir hududning oʻziga xos yogʻoch oʻymakorlik uslubi, naqsh solish anʼanasi bor. Qoʻqon yogʻoch oʻymakorlik maktabida nozik va bejirim naqshlarga alohida oʻrin ajratilgan. Muhimi, hammasi ijod va izlanish mahsuli. Harakat qilgan odam mehnatidan qadr topmoqda. Bugungidek qulay sharoitlar yoʻq edi. Tor hovlida bir amallab ishlaganmiz. Hunar oʻrganib, kam boʻlmadik. Ayni kunda ikki mingdan ortiq shogirdim bor. Ular milliy yogʻoch oʻymakorlik sanʼatini rivojlantirish, unutilgan anʼanalarini tiklash yoʻlida izlanish olib boryapti. Yogʻoch oʻymakorligi bir qaraganda, oddiy ish boʻlib koʻrinishi mumkin, ammo u juda murakkab sanʼat turi. Bu ishga qoʻl urganlar nozik didli, sabr-bardoshli, bilim va izlanishdan qochmaydigan boʻlishi shart. Adabiyot, musiqa, tarix, kimyo, matematikadan xabardor boʻlmay turib, ushbu hunarni egallab boʻlmaydi.
Muhammadali aka bobomeros hunarni rivojlantirib, taraqqiy etishiga hissa qoʻshib kelayotgan fidoyilardan. Furqat tumani markazida “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasini ochib, “Usta-shogird” maktabida yuzdan ortiq yoshga yogʻoch oʻymakorligini oʻrgatib kelmoqda. Bu yerda duradgorlik uskunalari va yogʻoch mahsulotlar muzeyi ham tashkil etilgan.
Prezidentimiz 2022-yil may oyida Fargʻona viloyatiga tashrifi doirasida “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida boʻlib, usta Muhammadali Yunusov bilan suhbatlashgandi. Mazkur oilaviy korxona yonida maktab tashkil etish, unda hunar bilan birga matematika, geometriya, fizika, kimyo kabi fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish muhimligini taʼkidlagandi.
— Davlatimiz rahbari oʻshanda ota-bobolarimizdan meros hunarni asrab-avaylab, yosh avlodga yetkazayotganim, ularni ishli qilayotganim uchun mamnun ekanini bildirgan edi, — deydi usta. — Shunday hunarmandchilik turlarini yanada ommalashtirish, bu ham madaniyat, ham maʼrifat, ham iqtisodiyot ekani haqida suhbatlashgandik.
Ustaning ish namunalari 2019-yil sentyabrda Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan xalqaro hunarmandlar festivalida “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikka loyiq koʻrildi. Oʻshanda barchaning koʻz oʻngida Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi va duradgorlik anʼanalari bor boʻy-basti bilan koʻrsatib berildi. Usta festivalning ochilish tadbiridagi konsert dasturi davomida shogirdlari bilan milliy uslubdagi toʻrt tarafi ochiq ravoqni hech qanday yelim, mixsiz tiklab, ishtirokchilar olqishiga sazovor boʻlgan edi.
— Bugun milliy uslubdagi soʻri, xontaxta, naqshinkor ayvonlarga talab yuqori, — deydi usta. — Ilgari yongʻoq, chinor, qayragʻoch, tut, tol daraxtidan mahsulot tayyorlagan boʻlsak, endi qayin, pavlovniya yogʻochiga ishlov berib, bejirim va koʻrkam buyumlar tayyorlashga harakat qilyapmiz. Yogʻochga naqsh solishda zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan ham foydalansa boʻladi. Lekin qoʻl mehnati orqali tayyorlangan jihoz va buyumlarning qadri boshqacha. Yogʻochga barmoqlaringiz orqali oʻtgan mehr boshqacha jilo beradi, koʻrganning koʻzi quvnaydi.
Usta yurtimizdagi koʻplab majmualarga koʻrk bagʻishlagan, nufuzli, mahobatli binolarni barpo etish jarayonida oʻymakorlik ishlari bilan qadimiy milliy hunarmandchilik anʼanalarini tiklashga hissa qoʻshgan. Poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasini barpo etishda 8 metrli ustunlarni tayyorlash hamda kirish qismidagi ayvonlarning naqshini tushurishda bosh usta sifatida ishladi. “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyining ustunlarini ham naqsh bilan bezadi. Milliy bogʻdagi “Xalq amaliy sanʼati” galereyasining aylana ayvon qismi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi ayvonlari qurilishi, Doniyol paygʻambar maqbarasida 8 qirra, 8 ustunli milliy arkli ayvon hamda koʻplab tuman va shaharlardagi yogʻoch oʻymakorligi ishlari ham aynan Muhammadali Yunusovga tegishli.
Hunarmandchilikda Samarqand, Xorazm, Toshkent va Qoʻqon maktabi bor edi. Uslubi jihatidan bu maktablarning hunarmandlik ishlari ajralib turadi. Bugun, hech shubhasiz, Furqat tumani maktabi ham vujudga keldi. Barcha soha va tarmoqlar qatori hunarmandchilik yoʻnalishidagi yangilanishlar zamirida ham qadriyatlarimizni tiklash, yoshlarni hunarli qilish va ish bilan taʼminlash kabi vazifalar ustuvor.
Korxona rahbari Muhammadali Yunusov milliy yogʻoch oʻymakorligi maktabining munosib davomchisi. Uning ijodida “pargori”, “sharafa”, “muqarnas” va “islimiy” uslublar asosiy oʻrinda. Naqshinkor ustunlar, kursi, lavh, quticha va boshqa buyumlar hamisha xaridorgir. Ustaning shogirdi koʻp. Shu bois, keng sharoit yaratish maqsadida korxona uchun yangi bino qurib bitkazilgan.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining korxonaga tashrifi davomida berilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan tadbirkor hunarmandchilik maktabi faoliyatini tashkil etishi natijasida 100 dan ziyod yosh uchun doimiy ish oʻrinlari ochilgan. Erishilgan natija va olingan daromad evaziga tumandagi ehtiyojmand oilalarga koʻmak berish, yosh hunarmandlarni yaqindan qoʻllab-quvvatlashga ham tadbirkor munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Ustaxonada hayot qaynaydi. Qoʻliga iskana va bolgʻa tutganlarning yoshi, boʻy-basti, qarashi turlicha. Ammo maqsadi va istagi bitta — oddiy yogʻochdan goʻzal sanʼat asari tayyorlash.
Nodir MAHMUDOV,
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari