Yoʻl-transport hodisasini ichki ishlar organlari xodimisiz rasmiylashtirish (yevroprotokol) tartibi belgilanmoqda

    OAV O‘zbеkiston haqida 20 Yanvar 2021 1944

    2021-yil 20-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

    Taʼkidlanganidek, yurtimiz hududida yoʻl-transport hodisasi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar tahliliga koʻra, 2018-yilda 13701 ta, 2019-yilda 24005 ta, 2020-yilda 16023 ta tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan. Ushbu maʼmuriy huquqbuzarliklar Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqish uchun sud idoralariga yuborilgan. Yoʻl-transport hodisasi ishtirokchilarining 40 foizi bir-biriga eʼtirozi yoʻqligi va maqsadi sugʻurta tovonini olish ekanligini bildirishgan.

    Amaldagi qonunchilikda yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda Yoʻl patrul xizmati inspektori chaqirilib, hujjatlar rasmiylashtiriladi, tibbiy narkologik tekshiruvdan oʻtkaziladi va sugʻurtalovchiga xabar beriladi. Tergovga qadar tekshiruv, turli ekspertizalar, sud jarayoni tamomlanib, ishtirokchilar oʻzlari shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va transport vositalarining hujjatlari, ekspertiza xulosasi, tergovga qadar tekshiruv, sud qarorlarini toʻplab sugʻurtalovchiga taqdim etadi. Sugʻrutalovchi hujjatlarni oʻrganib chiqib tovon toʻlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Ushbu harakatlarni amalga oshirish uchun oʻrtacha 30-50 kun sarflanadi va fuqarolarning ortiqcha sarson boʻlishi va qoʻshimcha xarajatlar qilishiga sabab boʻladi.

    Qonunga kiritilayotgan yangi normalar bilan yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma tuzish orqali tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisida hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish boʻyicha soddalashtirilgan tartibni belgilash nazarda tutilyapti.

    Xususan, yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda ishtirokchilar huquqni muxofaza qiluvchi organ xodimisiz bildirishnoma toʻldirib tibbiy narkologik tekshiruvdan oʻtadilar va transport vositalarini texnik shikastini baholash ekspertizasidan oʻtkazib, 3 kun ichida sugʻurtalovchiga ariza taqdim etadi. Sugʻurtalovchi hujjatlarni oʻrganib chiqib, 15 kun ichida tovon toʻlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi

    Loyiha bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi – yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma rasmiylashtirish munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod etish normasi hamda “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma degan tushuncha kiritilmoqda.

    Shuningdek, tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish asoslari, qoidalari va tartibi aniq belgilanyapti

    Tadbirda qayd etilganidek, tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisalarini huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi xorijiy malakatlar Rossiya, Belarus, Ukraina, Fransiya va Belgiya kabi davlatlarda amal qiladi.

    Yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibini (Yevroprotokol) joriy etish yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari va haydovchilar oʻrtasidagi bevosita muloqotni amalga oshirishda “inson omili”ga va ortiqcha qogʻozbozlikka, fuqarolarni ortiqcha sarson boʻlishiga chek qoʻyishga, shuningdek har bir sodir etilgan yoʻl-transport hodisasini rasmiylashtirish uchun yoʻl-patrul xizmati inspektorlarining oʻrtacha 2-3 soat vaqti tejalishi orqali tan jarohati bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarini koʻrib chiqishda sifat darajasini oshirish hamda avtomobil yoʻllarida tirbandliklarni oldini olishda samara beradi.