Harakatlanish xavfsizligini ta'minlash to'g'risida juda ko'p gapirilmoqda. Ammo ayrim harakat ishtirokchilari ogohlantirishlarga qaramasdan yo'lda yurganda beparvolik qilib, turli ko'ngilsizliklarga duchor bo'lmoqda. Ayrimlarga tanbeh bersangiz, xudo asraydi, deb aybini xaspo'shlashga urinadi. Lekin ogoh bo'lish kerakligini unutadi.
Piyodalar masalasi butun dunyo hamjamiyati oldidagi eng dolzarb masala. Uning echimi yo'lida anchayin xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Piyodalarga sharoit yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Afsuski, bu ishlar ham piyodalarimizni turli falokatlardan asrab qola olmayapti.
Mana bir misol. Yangiyo'l shahrining Samarqand ko'chasida joylashgan kafe oldida tashkil etilgan piyodalar o'tish joyidan yo'lni kesib o'tayotgan piyoda, 2002 yilda tug'ilgan A.R. to'satdan paydo bo'lib qolgan avtomobildan o'zini himoya qila olmay qoldi. Tezlikda kelayotgan, 1995 yilda tug'ilgan haydovchi E.O. “Neksiya-3” rusumli transport vositasini to'xtatishga ulgurmadi. Oqibatda avtomashina piyodani urib yubordi. Turli darajadagi tan jarohatlari olgan piyoda zudlikda shifoxonaga olib borildi. SHifokorlarning malakali tibbiy muolajasi sabab uning hayoti asrab qolindi.
Yana bir misol. Haydovchi, 1999 yilda tug'ilgan F.S. o'zining “VAZ-2106” rusumli transport vositasini “Parkent-Zarkent-So'qoq” avtomobil` yo'lida boshqarib ketayotib, o'z yo'nalishiga nisbatan chap tomondan o'ngga qarab tartibga solinmagan joydan yo'lni kesib o'tayotgan 7-sinf o'quvchisi M.SH.ni (qiz bola) urib yuborgan. Natijada piyoda tan jarohatlari olib tuman shifoxonasiga yotqizildi.
Har ikkala holatda ham tomonlar ehtiyotsizlik qilgan. Piyoda "haydovchini meni ko'rdi, to'xtaydi", deb o'ylagan bo'lsa, haydovchi, "yo'l meniki, piyoda chetga chiqadi", degan ishonchda harakatlangan. Oqibatda yo'l-transport hodisasi yuzaga kelgan. YAxshiki, bu hodisalar ishtirokchilari hayotdan bevaqt ko'z yummadi. Ammo o'zlarining ehtiyotsizliklari va qoidalar talablarini bilmasliklari sabab aziyat chekmoqda.
Odatda yo'l-transport hodisalari bir-necha soniyalar ichida sodir bo'ladi. Ammo uning oqibatlari oylarga, xatto yillarga cho'zilishi, har ikki tomonga ham ma'naviy, ham moddiy zarar etkazishi mumkin. SHu sabab yo'lda aslo chalg'imang, hurmatli harakat ishtirokchilari.
Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati