баннер
23 Mar 2025
00:24

    Yoʻllardagi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari toʻgʻrisidagi qaror loyihasi eʼlon qilindi

    12 oy mobaynida yoʻl harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga ragʻbatlantirish tariqasida, keyingi davrda yoʻl harakati qoidalarini birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima bali hisoblanmaydi.

    Hukumatning “Yoʻl harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi eʼlon qilindi

    Maʼlum qilinishicha, jarima ballari haydovchilarga nisbatan faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnomalar asosida hisoblanadi.

    Yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari “E-jarimaball” moduli orqali inson omilisiz avtomatlashtirilgan tartibda hisoblab boriladi.

    12 oy mobaynida yoʻl harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga ragʻbatlantirish tariqasida, keyingi davrda yoʻl harakati qoidalarini birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima bali hisoblanmaydi.

    Haydovchilarning oxirgi huquqbuzarligi uchun jarima bali hisoblangan vaqtdan boshlab, ular 6 oy davomida yoʻl harakati qoidabuzarliklariga doir boshqa huquqbuzarlik sodir etmagan taqdirda, uning umumiy jarima ballaridan ikki jarima bali ayirib tashlanadi.

    Agar haydovchilar jarima ballarining umumiy miqdori ikki jarima balidan kam boʻlgan taqdirda, barcha jarima ballari ayirib tashlanadi hamda jarima ballarini hisoblash muddati birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdan yangidan boshlanadi.

    Haydovchilar oʻzining jarima ballari haqidagi maʼlumotlarni “E-jarimaball” moduli va maxsus mobil ilova hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali oladi.

    Haydovchilarning yoʻl harakati qoidalarini buzganliklari uchun toʻplagan har bir ballari ularga SMS xabar yuborish orqali ogohlantiriladi.

    Jarima ballari asosida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning elektron maʼlumotlar bazasi joriy etiladi.

    Qaror 2025-yil 1-maydan eʼtiboran kuchga kiradi.

    Haydovchilar tomonidan sodir etilgan qaysi qoidabuzarlik uchun qancha jarima ballari hisoblanadi?

    Texnik reglamentga muvofiq boʻlmagan koʻzgusimon va ruxsatnomasiz qoraytirilgan oynali transport vositalaridan foydalanganlik uchun 0,5 ball beriladi.

    Shuningdek:

    • Haydovchilarning belgilangan harakat tezligini 20 km/soatdan koʻp boʻlmagan kattalikda oshirib yuborishi uchun 0,5 ball;
    • Haydovchilarning belgilangan harakat tezligini 20 km/soatdan koʻp, 40 km/soatdan koʻp boʻlmagan kattalikda oshirib yuborishi uchun 1 ball;
    • Haydovchilarning belgilangan harakat tezligini 40 km/soatdan koʻp, 60 km/soatdan koʻp boʻlmagan kattalikda oshirib yuborishi uchun 1,5 ball;
    • Haydovchilarning belgilangan harakat tezligini 60 km/soatdan koʻp, 80 km/soatdan koʻp boʻlmagan kattalikda oshirib yuborishi uchun 2 ball beriladi.

    Shu bilan birga, haydovchilar svetoforning taqiqlovchi signaliga boʻysunmasdan oʻtishiga 1 ball beriladi.

    Bundan tashqari, haydovchilarning yoʻlning qarama-qarshi tomoniga yoki boʻlagiga chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab boʻlsa 2 ball beriladi.

    Bundan tashqari, YTH qatnashchilarining hodisa yuz bergan joydan ketib qolishiga ham 2 jarima bali beriladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech