Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, poyezd yoʻlovchilarni qabul qilib, eshiklar yopilayotgan paytda yoʻlovchilardan biri vagonga kirish maqsadida eshikni ochishga uringan. Oqibatida eshikni himoya qiluvchi qurilma mexanizmi ishdan chiqqan.

Mashinist tomonidan nosozlik dastlab bartaraf etilganiga qaramay, u keyingi bekatga yetmasdan qayta takrorlangan. Shundan soʻng yoʻriqnoma talablariga muvofiq, yoʻlovchilar bekatga tushirilib, harakat tarkibi elektrodepoga olib ketilgan.

Metropoliten maʼmuriyati yoʻlovchilardan xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilishni hamda metro mulkiga ziyon yetkazmaslikni soʻraydi. Taʼkidlanishicha, birgina eʼtiborsizlik yoʻlovchilar hayoti va xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.

“Toshkent metropoliteni” DUK metroda harakatlanish qoidalarini ham eslatdi:

  • bekatga yaqinlashganda vagondan tushish uchun eshiklarga oldindan yaqinlashing;
  • vagonlardan chiqayotgan yoʻlovchilarga avval yoʻl bering;
  • yoʻlovchilar toʻliq tushib boʻlgach, vagonga chiqing;
  • vagonga kirgach, eshik oldida turib olmang, vagon oʻrtasiga harakatlaning;
  • metro vagonlari eshiklariga suyanmang;
  • bekat va yoʻlaklarda harakatlanishda oʻng qoʻl qoidasiga amal qiling.

Yuqoridagi qoidalarga rioya etish barchaning xavfsizligi va qulayligini taʼminlashi bildirildi.