Tarqalgan ushbu videoxabarlarga "Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi" AJ matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mamlakatimiz hududi boʻylab kuzatilayotgan anomal issiq havo harorati tufayli ayrim vagonlarning sovitish tizimlarida nosozliklar kuzatilgan. Video lavhaga tushirilgan poyezdning yoʻl davomida havo harorati +40 C darajadan yuqorilab ketganligi sababli sovitish tizimining kompressor uskunasi ishlamay qolgan, natijada vagon isib ketgan.
Poyezd Toshkent-Janubiy vokzaliga yetib kelganidan soʻng, unga qoʻshimcha qilib soz holatdagi vagon ulandi va yoʻlovchilar ushbu vagonga oʻtkazildi.
"Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi" AJ oʻtgan asrlarda ishlab chiqarilgan yoʻlovchi vagonlarni sovitish tizimlari, ichki interyeri, elektr tizimlari bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish uchun kerakli choralarni koʻrgan holda, sifatli boʻlgan texnik jihozlarni oʻrnatish ishlari jadallik bilan olib borilayotganligini va vagonlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinayotganligini, oxirgi 1-yil davomida zamonaviy talablarga mos boʻlgan 27 ta yoʻlovchi vagonlar xarid qilinganligini maʼlum qildi.
"Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi" AJ rahbariyati yoʻlovchilarga keltirilgan noqulayliklar uchun uzr soʻraydi, — deyiladi xabarda.