Bugun Mahmudxoʻja Behbudiy haykali poyida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining Islomshunoslik fakulteti talabalari, oʻqituvchilari jam boʻldi.

Uchrashuvda Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sobir Oʻnar Behbudiyning hayoti va ijodi haqida gapirdi. Alloma yangi davr oʻzbek madaniyatining asoschisi ekani, yangi maktab gʻoyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, oʻzbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist boʻlib, tariximizning gʻoyat ogʻir va murakkab bir davrida yashaganini taʼkidladi.

Shundan soʻng shoir Shodi Otamurod oʻzining “Ona tilim” sheʼrini oʻqib berdi. Adabiyot sehridan bahra olgan yoshlar adib ijodi, adabiyot olami haqidagi fikrlarini bildirdi. Maydalab yogʻayotgan yomgʻir esa yigʻilganlarni yana sheʼr tinglashga chorladi.

Zulayho Ahmadjonova,

jurnalist