Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan Respublika iqtisodiyoti sohalarida yoqilgʻi-energetika resurslarining sarfini meʼyorlash boʻyicha tartib ishlab chiqildi.

Ushbu tartib Energetika vazirligi tomonidan muvofiqlashtirilib, 20-avgustda Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha Respublika komissiyasi qaroriga asosan tasdiqlandi.

Iqtisodiyot tarmoqlarining oxirgi 30 yil ichida jadal suratlarda oʻsishi, energiya tejamkor texnologiyalar va avtomatik boshqaruv tizimlarini joriy etilishi, shuningdek, mamlakatimizning energiya isteʼmoli rivojlangan davlatlarga nisbatan yuqoriligi amaldagi — 1979-yilda sobiq SSSR davrida ishlab chiqilgan meʼyoriy hujjatni yangilashni taqozo etdi.

Xususan ushbu meʼyorlash hujjati, iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarini oqilona taqsimlash, ulardan samarali foydalanish va yoqilgʻi sarfini optimallashtirishning yagona uslubiy yondashuvini belgilaydi.

Shu bilan birga, korxona va tashkilotlardagi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlari boʻyicha yoqilgʻi-energetika resurslari sarfini qisqartirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar hamda meʼyorlari aniqlanadigan sohaviy uslubiyot va yoʻriqnomalarni ishlab chiqish, tahlillar olib borish imkonini beradi.

Mazkur meʼyorlash tartibi 2020-yil 1-noyabrdan boshlab joriy etiladi va 2021-yil 1-yanvardan boshlab, har chorak yakuni boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarining sarfi boʻyicha maʼlumotlar tahlil etib boriladi.

Oʻzneftgazinspeksiya axborot xizmati