Prezidentimizning 14-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvi mamlakatimizda navqiron avlodni qoʻllab-quvvatlashga nechogʻliq yuksak eʼtibor qaratilayotganini koʻrsatish bilan birga hukumat va yoshlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi ufqlarini ham ochib berdi. Bugun dunyoda roʻy berayotgan global oʻzgarishlar sharoitida bunday samarali va samimiy uchrashuvlar, muloqotlar juda zarur va dolzarb.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari yoshlar timsolida yangi Oʻzbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini koʻrayotganini taʼkidlab, turli sohadagi yutuqlari bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yoshlarni alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, oʻqimishli, bilimli yigit-qizlar safini kengaytirish borasida erishilgan yutuqlarimizga haqqoniy baho berdi.
Haqiqatan, hozir dunyodagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida 1,5 mingdan ziyod oʻzbekistonlik talaba “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan tahsil olayotgani yoki yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida oʻtgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari global darajada eng nufuzli nominatsiyada gʻolib deb topilgani yurtimiz tarixida kuzatilmagan voqea sifatida qayd etilishi juda ham toʻgʻri.
Bundan 10-yillar oldin oʻzbekistonlik yoshlar dunyoning eng ilgʻor oliy taʼlim muassasalarida oʻqishi yoki mamlakatimizning chekka qishloqlaridan chiqqan oʻgʻil-qizlarning “Tesla” yoki “Google” kabi jahondagi eng yetakchi kompaniyalarda ishlashini tasavvur ham qila olmasdik. Bugungi yutuqlarga oʻz-oʻzidan erishilgani yoʻq. Bunday natijaga erishish uchun mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratildi. Bu yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun resurs ham, vaqt ham tejalmadi.
Tadbirda besh yil oldin parlament palatalarida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti haqida ham soʻz yuritildi. Ushbu institut faol, siyosatga qiziqadigan, intiluvchan yoshlarni oʻz atrofida jamlagani, ular siyosiy yetakchilik, demokratiya, parlamentarizm maktablari qanday boʻlishini amalda koʻrgani eʼtirof etildi.
Yoshlar parlamentiga saylangan yigit-qizlar jamiyatda roʻy berayotgan barcha jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida yangidan yangi gʻoyalarni ilgari suryapti. Yechimini kutayotgan masalalar boʻyicha maqbul variantlarni taklif qilmoqda. Navqiron avlod vakillari ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlarga faol taʼsir koʻrsatish hamda qonun ijodkorligida oʻz oʻrniga ega boʻlib kelmoqda.
Muloqot davomida yoshlarni tashvishga solayotgan asosiy muammolar muhokama qilindi. Yigit-qizlarni ish bilan taʼminlash, taʼlim sifatini oshirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ularni ijtimoiy himoya qilish borasida koʻplab tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, ayrim hududlar rahbarlarining masʼuliyatsizligi oqibatida oʻsha viloyat va tumanlarda ishsiz yoshlar koʻpligicha qolayotgani haqli ravishda tanqid qilindi. Eʼtiborlisi, yigʻilishda ushbu ogʻriqli masalani hal etishga qaratilgan muhim qaror qabul qilingani taʼkidlandi.
Unga koʻra endi oliy taʼlim bitiruvchilari bandligini taʼminlash boʻyicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun tegishli bankka 100 million dollarlik resurs beriladi. Bank Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va gʻoyalarini loyihaga aylantirish uchun yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi. Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish oʻrinlari yaratish, kadrlarga ehtiyoj bor korxona va tashkilotlardagi boʻsh oʻrinlarga yoshlarni joylashtirish bilan shugʻullanadi.
Muloqotda aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami manfaatlarini ifoda etadigan gʻoya va tashabbuslar koʻp boʻlganini taʼkidlash joiz. Xususan, kambagʻallikni qisqartirishning eng samarali yechimi taʼlim ekani taʼkidlanib, endi kambagʻal oilaning farzandiga taʼlim krediti foizsiz berilishi, qoʻshimcha grant ajratilishi, kontrakt toʻlovining bir qismi qoplanishi qayd etildi.
Bundan buyon iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin ogʻir oilaviy sharoiti sababli oʻqish imkoniyatiga ega boʻlmagan yoshlarni xorijda oʻqitish boʻyicha yangi tizim — “Yorqin isteʼdod” loyihasi joriy etiladi. Har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanishi va salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida oʻqitilishi yoshlarni ruhlantiradi, albatta.
Konstruktiv taklif va tashabbuslarga boy oʻtgan uchrashuvda yoshlarga ham oʻz fikrini bildirish imkoniyati berildi. Bu dolzarb masalalarni hal etishda yosh avlodning oʻrni qanchalik yuqori ekanidan dalolat. Fikrimizcha, bunday uchrashuvlar biz — parlament aʼzolari, mahalliy kengash deputatlari bilan ham muntazam oʻtkazilishi kerak.
Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvi hukumat va yosh avlod oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida muhim qadam boʻldi. Biz, deputatlar yoshlar siyosatini rivojlantirish va yoshlarni jamiyat hayotiga integratsiyalashga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Birgalikda mehnat qilib, yurtimiz ravnaqi uchun shart-sharoit yaratib, yosh avlodning munosib kelajagini taʼminlashga tayyormiz.
Ulugʻbek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiya rahbari