“Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi tashkil etildi

    “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (473-son, 11.08.2020-yil) qabul qilindi.

    Unga koʻra:

    Prezidentimizning 2020-yil 18-fevraldagi PQ-4609-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tizimida Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida “Yosh chegarachilar” xarbiy-akademik litseyi tashkil etildi.

    Litseyning asosiy vazifalari:

    - oʻquvchilarda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlariga xurmatni shakllantirish, ularda halollik, vatanparvarlik, sadoqat, fidorkorlik kabi shaxsiy xislatlarni, milliy gʻururni shakllantirish;

    - xalqimizning boy tarixi va madaniyati, buyuk ajdodlarimizning, eng avvalo, Amir Temurning bebeho merosi, Vatan ozodligi va farovonligi yoʻlida oʻzini qurbon qilgan zamondosh vatandoshlarimizning qahramonligi asosida Oʻzbekiston xalqiga sodiq, qatʼiy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan oʻquvchilarni tarbiyalash;

    - oʻquvchilarda keng dunyoqarash, intellektual salohiyat, ijodiy va tahliliy fikrlashni rivojlantirish, tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar va zamonaviy axborot texnologiyalari boʻyicha mustahkam bilimlarni shakllantirish;

    - notiqlik va yetakchilik xislatlariga ega, jismonan rivojlangan, chidamli, mard va jasur Vatan himoyachilarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida respublikaning oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun munosib nomzodlarni tayyorlash.

    Litsey Davlat xavfsizlik xizmati muassisligidagi davlat taʼlim muassasasi hisoblanadi.

    Unga qabul 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi.

    Oʻquv jarayoni davomiyligi ikki yil boʻlib, yillik qabul kvotasi 100 nafarni tashkil etadi.

    Litsey Termiz davlat universiteti va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasiga biriktiriladi.

    Shuningdek, qaror bilan:

    - harbiy-akademik litseyning tashkiliy-shtat tuzilmasi;

    - Nizomi;

    - faoliyatini tashkil etish va uning oʻquv-tarbiyaviy jarayonini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”;

    - litseyning infratuzilmasi, oʻquv va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.