Vazirlar Mahkamasining 26.10.2022-yildagi “Yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlari kengaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 617-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan amaldagi qonunchilikka yoshlar uchun kompyuter xarid qilish maqsadida isteʼmol kreditlarini ajratish tartibini belgilovchi oʻzgartirishlarni kiritish nazarda tutilgan.
Maʼlumot uchun: 2022-yil 1-noyabrdan boshlab AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATB ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xarid qilish uchun BHMning 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda isteʼmol kreditlari ajratishni boshlaydi.
Bunda kompyuter xarid qilish uchun ajratiladigan isteʼmol kreditlari boʻyicha foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya qilinadi
Tartibga koʻra:
- “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek IT-park rezidentining oʻquvchisi yoki bitiruvchisi boʻlgan 31 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs (14 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan shaxs nomidan uning vakili) tegishli sertifikat berilgandan boshlab 6 oy mobaynida istalgan davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP orqali sertifikatni ilova qilgan holda murojaat etadi;
- Yoshlar ishlari agentligi 5 ish kuni ichida koʻrsatilgan sertifikatni verifikatsiyadan oʻtkazib, maʼlumotlar tasdiqlanganda kompensatsiya toʻlab berish haqida maʼlumotnoma beradi va murojaatchilar roʻyxatini avtomatik tarzda bankka taqdim etadi;
- AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATB kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadilar va ular maʼqullangan taqdirda tegishli kompyuter texnikasini yetkazib beruvchilarga kompyuter qiymati summasini oʻtkazib beradilar.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy maʼlumotlar bazasida eʼlon qilingan va 26.10.2022 yildan kuchga kirgan.