Mazkur tajriba “Oʻzbekkosmos” agentligi, “Sehriyo” maktabi va “Uzaerospace” hamkorligida tashkil etildi, deya xabar beradi agentlik matbuot xizmati.
Loyihada 100 dan ortiq yoshlar qatnashib, oʻz bilim va ijodiy qobiliyatlarini sinovdan oʻtkazdi. Yosh ixtirochilar tomonidan ishlab chiqilgan mini sunʼiy yoʻldosh modullari dronlar yordamida 200 metr va 500 metr balandlikka koʻtarildi.
Parvoz davomida modullar real vaqtda balandlik, harorat, bosim va inklinometriya kabi turli muhim maʼlumotlarni qayd etishga muvaffaq boʻlishdi. Ushbu texnologik yutuqlar orqali ishtirokchilarning kosmik tadqiqotlarga ilk qadamlari qoʻyildi.
Tadbir doirasida yana bir qiziqarli voqea – maktab oʻquvchilari tomonidan yaratilgan pnevmo-gidro raketalarning uchiruv tanlovi ham boʻlib oʻtdi. Yoshlarning oʻz qoʻllari bilan tayyorlagan raketalari osmon uzra koʻtarilib, ularning ilm-fanga boʻlgan ishtiyoqini yanada yuksaklarga olib chiqdi.
Ushbu tadbir yosh avlodni aerokosmik texnologiyalar olamiga qiziqtirish, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish uchun samarali maydon yaratdi.