Unda jurnalist va blogerlarga “O‘zbekkosmos” agentligi faoliyati yaqindan tanishtirildi. Xususan, Davlat kosmik monitoringi doirasida amalga oshirilgan ishlar, sohadagi o‘zgarishlar, xalqaro hamkorlik va ta’lim yo‘nalishidagi loyihalar, O‘zbekistonning birinchi kosmonavtini tayyorlash hamda ilk sun’iy yo‘ldoshni uchirish masalalari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Anjumanda “O‘zbekkosmos” agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov 2025–2026 yillarda amalga oshirilgan ustuvor loyihalar haqida so‘z yuritdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda kosmik texnologiyalar qishloq xo‘jaligi, ekologiya, suv xo‘jaligi, geologiya va shaharsozlik sohalarida samarali qo‘llanilmoqda.
Ayniqsa, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida yer resurslarini kuzatish, suv sarfini tahlil qilish, ekologik muammolarni erta aniqlash va qishloq xo‘jaligida raqamli boshqaruvni joriy etish ishlari kengayib bormoqda. Mutaxassislar fikricha, kosmik monitoring orqali resurslardan samarali foydalanish va inson omilini kamaytirish imkoniyati ortib bormoqda.
Xususan, qishloq xo‘jaligi yerlarida hosil yig‘ib olingandan keyingi qoldiqlarni yoqish holatlarini aniqlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga asoslangan monitoring tizimi ishlab chiqilgan. Tizim yong‘inlarni uzluksiz kuzatish, tezkor aniqlash va tegishli tashkilotlarga ma’lumot uzatish imkonini bermoqda.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda respublika bo‘yicha 2200 ta bug‘doy dalasida yong‘in holati kuzatilgan bo‘lsa, 2025 yilda ularning atigi 130 tasida takroriy yong‘in qayd etilgan. Natijada takroriy yoqish holatlari 94 foizga kamaygan. Bu esa havo ifloslanishining oldini olish, tuproq unumdorligini saqlash va ekologik xavflarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, daraxt kesilishini nazorat qilish bo‘yicha ham maxsus raqamli platforma ishga tushirilgani ma’lum qilindi. Mazkur tizim orqali shahar va aholi yashash hududlaridagi yashil maydonlar kunlik monitoring qilinadi. Kosmik tasvirlar yordamida daraxt kesilishi yoki yashil hududlar qisqarishi holatlari tezkor aniqlanadi.
— Ilgari dalama-dala yoki mahallama-mahalla yurib qidirishgan bo‘lsa, hozir aniq lokatsiya va fotosurat bilan ko‘rsatib beryapmiz. Endi tegishli tashkilotlar o‘sha nuqtaga chiqib, holatni o‘rganib, hisobot taqdim etishi kifoya, — dedi Muhiddin Ibragimov.
Anjumanda suv resurslarini boshqarishda ham kosmik texnologiyalarning ahamiyati ortib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, “virtual suv o‘lchagich” tizimi orqali qishloq xo‘jaligi maydonlarining haqiqiy suv iste’molini tahlil qilish va suv tejamkorligini oshirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa suv tanqisligi sharoitida ayniqsa muhim yo‘nalish sifatida baholanmoqda.
Matbuot anjumanida xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston 2028 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Xalqaro astronavtika kongressi — IAC 2028” mezbonligini qo‘lga kiritgani ta’kidlandi. Bu yirik anjuman dunyoning yetakchi kosmik agentliklari, olimlari va texnologiya kompaniyalarini bir maydonga jamlaydi.
Shuningdek, Xitoy milliy aerokosmik administratsiyasi (CNSA), Koreya aerokosmik administratsiyasi (KASA) hamda Xitoyning “Star.Vision” kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolangani ma’lum qilindi. Ushbu hamkorliklar sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, sun’iy intellekt va kosmik ta’lim sohalarini rivojlantirishga xizmat qilishi aytildi.
Tadbirda yoshlarni kosmik sohaga jalb qilish borasidagi ishlar ham alohida tilga olindi. Xususan, “Cosmic Camp” yozgi kosmik oromgohi, “NASA Space Apps Challenge” xakatoni, “Space Fest” tadbirlari va milliy “CanSat” mini sun’iy yo‘ldoshlar musobaqasi haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, “CanSat” musobaqasida 400 nafardan ortiq yosh ishtirok etgan bo‘lib, g‘olib jamoa xalqaro “ICESCO CanSat International” tanlovida ishtirok etgan va 54 davlat orasida TOP–5 talikka kirishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu esa o‘zbekistonlik yoshlarning kosmik muhandislik va innovatsion texnologiyalarga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, “Yosh muhandis” tanlovi orqali iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ishlari davom ettirilayotgani aytildi. 2026 yilda mazkur tanlov respublika bo‘ylab o‘tkazilib, 1600 dan ortiq loyiha qatnashgan. Final bosqichida eng yaxshi innovatsion ishlanmalar taqdim etilgan.
Anjumanda O‘zbekistonning birinchi fazogirini tayyorlash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ma’lum qilinishicha, 2028 yilga qadar o‘zbekistonlik fazogirni fazoga yuborish rejalashtirilmoqda. Dastlabki rejalarga ko‘ra, fazoviy parvoz 10–14 kun davom etishi mumkin.
Loyiha doirasida tibbiyot, biologiya, o‘simliklar genetikasi va materialshunoslikka oid ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mutaxassislar fikricha, bu tashabbus nafaqat mamlakat imijini mustahkamlaydi, balki yoshlarda ilm-fan va texnologiyalarga qiziqishni yanada oshiradi.
Shuningdek, O‘zbekistonning ilk ilmiy sun’iy yo‘ldoshini yaratish bo‘yicha ishlar davom etayotgani ma’lum qilindi. Ayni paytda turli xalqaro hamkorlar bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda hamda milliy kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida qo‘shma sun’iy yo‘ldosh loyihasida ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, Yaponiyaning Kyushu texnologiya instituti bilan hamkorlikda yosh mutaxassislar sun’iy yo‘ldoshlarni loyihalash va boshqarish bo‘yicha amaliy bilim olmoqda.
Matbuot anjumanida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berilgan bo‘lsa-da, ayrim loyihalarning iqtisodiy qiymati va moliyalashtirish manbalari haqida aniq ma’lumotlar ochiqlanmadi.
Shunga qaramay, “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslar O‘zbekistonning kosmik texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsion rivojlanish sohasida yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.
Zulxumor Akbarova,
Madina Botirjonova