Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yillik bayrami munosabati bilan uyushtirilgan tadbirda Bosh vazirining oʻrinbosari Bekzod Musayev, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov va Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayevlar ishtirok etdi.

Maʼlumotlarga koʻra, “Oʻzbekkino” milliy agentligi yosh kinoijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Butunrossiya davlat kinematografiya institutiga 8 nafar yosh ijodkorni yubormoqda.

Shuningdek, festival doirasida bu yil ilk bor tashkil qilingan “Debyut” yosh kinoijodkorlarning ssenariylar tanlovi gʻoliblari taqdirlandi. Hakamlar hayʼati tanlovga topshirilgan 78 nafar mualliif ssenariylari orasidan 18 nafari saralab oldi va gʻoliblar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Endilikda bu tanlov doimiy tarzda, grant loyihalari sifatida muntazam oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi. Grant yutib olgan ijodkorlar esa, mablagʻlar evaziga albatta oʻz filmlarini suratga olishlari imkoniyati paydo boʻldi.

Qolaversa, tadbirda Yaponiyaning nufuzli kino festivallaridan biri “DigiCon 6 ASIA”ga filmlari nomzod sifatida yuborilgan ijodkorlar ham taqdirlandi.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi asosida suratga olingan qisqa metrajli filmlar reytingini aniqlash boʻyicha ijtimoiy soʻrovnoma ham oʻtkazildi. Unga javoban ijtimoiy tarmoqlardan koʻplab ovozlar, taklif va mulohazalar kelib tushdi. Festival soʻngida muxlislar tomonidan eng koʻp ovoz toʻplagan qisqametrajli filmlar ijodkorlari ham taqdirlandi.