Yosh maslahatchilar kengashi Buxoro viloyati vakillari Prezident maktabida seminar-trening oʻtkazishdi

    Voqea-hodisalar 7 Oktabr 2022 1374

    Sergʻayrat va shijoatli yoshlar jamoasi ishtirokida tashkil etilgan seminar-trening koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.

    Joriy yilning 6-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yosh maslahatchilar kengashining Buxoro viloyati vakillari Buxoro shahridagi Prezident maktabida seminar-trening tashkil qilishdi.

    Unda yoshlar hayotida liderlik mahoratini oshirish, ularda sogʻlom fikr va sogʻlom ongni shakllantirish, dunyoqarashini kengaytirish, vatanparvarlik hissini rivojlantirish, huquqiy va madaniy ongini yuksaltirish, fuqarolik jamiyati va demokratik davlat barpo etishda yoshlarning munosib ishtirokini taʼminlash, sardorlik, volontyorlik, loyiha va grantlar haqida soʻz bordi.

    Suhbat davomida oʻquvchi va oʻqituvchilarga Yosh maslahatchilar kengashi haqida taqdimot shaklida maʼlumot berildi.

    – Kengashning asosiy maqsadi mamlakatda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini baholashda jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni dahldorlik ruhida tarbiyalash, oʻz tengdoshlari muammolari yechimini izlashda davlat idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik va zamonaviy ilm-fanni targʻib qilish, yoshlar tashkilotlari faoliyatiga amaliy koʻmak berishdan iborat" - deydi viloyat vakili Rustam Rahimboyev.

    Shuningdek, kengashning vazifalari, tarkibi, shu vaqtgacha oʻtkazilgan tadbirlar va keyinchalik qilinishi rejalashtirilgan loyihalar haqida aytib oʻtildi hamda maktab oʻquvchilarining takliflari, kelajakdagi maqsadlari haqida qiziqarli suhbat olib borildi. Sergʻayrat va shijoatli yoshlar jamoasi ishtirokida tashkil etilgan seminar-trening koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi. Suhbat yakunida oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.