Qalblar hayajonga toʻla, istiqbolda kutilayotgan orzu-umidlar bisyor. Mustaqil hayot ostonasida turgan yoshlarning yuz-koʻzida jonajon maktabida olgan barcha bilim va koʻnikmalarni yanada boyitish, oʻqish-izlanishga boʻlgan ishtiyoqni ilgʻash qiyin emas. Ularga bilim va salohiyatini oshirib borish orqali ertga yurt koriga yaraydigan asl farzand boʻlish tilaklari bildirildi.
Baxtiyor SAIDOV, xalq taʼlimi vaziri:
— Mana, 2021/2022 oʻquv yili ham koʻz ochib-yumguncha oʻz nihoyasiga yetdi. “Soʻnggi qoʻngʻiroq” sadolari barchamizni ortda qolayotgan bir oʻquv yiliga boqib, sarhisob qilishga undaydi.
Oʻtgan oʻquv yili davomida har bir oʻgʻil-qiz bir yoshga ulgʻaydi. Bilimi boyib, maʼnaviyati oshdi. Yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, koʻplab yutuqlarga erishgan oʻgʻil-qizlarimiz koʻpligidan quvonchimiz cheksiz.
Faxr bilan aytish kerak: bugun yurtimizda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Isteʼdodli oʻquvchilarimiz bunga javoban xalqaro olimpiadalar, turli tanlovlarda Oʻzbekistonimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Bilim va iqtidorini namoyon etib, koʻngillarga quvonch ulashmoqda.
Muhabbat SHARAPOVA, Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatining matematika fani oʻqituvchisi, Oʻzbekiston Qahramoni:
— Barcha maktablarda Prezidentimizning bitiruvchilarga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi. Bu davlatimiz rahbarining bitiruvchi oʻgʻil-qizlar bilan birga biz, pedagoglarga ham yuksak eʼtiboridan dalolat. Zero, oʻqituvchi uchun oʻzi taʼlim bergan oʻquvchisining kamolini koʻrishdan ortiqroq baxt yoʻq.
Maktab degan maskanning inson qalbida, ongu shuurida qoldirgan izini aslo oʻchirib boʻlmaydi. Oʻquv muassasasiga ilk qadam qoʻygan bola bilan qoʻliga shahodatnoma olgan oʻsmirning 11 yillik taʼlim-tarbiyasida bosib oʻtilgan yoʻlni koʻz oldingizga keltirsangiz, hammasi oydinlashadi.
Bizni faxrlantirayotgan bir voqea borki, albatta, aytishimiz zarur. Bu ham boʻlsa, bugun koʻplab maktablarimizning bitiruvchilari muddatidan oldin yurtimiz va xorijning koʻplab nufuzli oliy oʻquv yurti talabasi boʻlmoqda. Nazarimda, bu mamlakatimizda Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyilayotganining ilk nishonalaridir.
Keyingi yillarda oʻquvchilarimiz turli xalqaro bellashuvlarda yuqori oʻrinlarni egallayotganini koʻrib gʻururlanyapmiz. Xususan, matematika olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarga munosib koʻrilganlar ichida oʻquvchilarim borligi quvonarli. Shunday shogirdlarimdan 16 nafari bugun maktabni aʼlo baholar bilan tugatib, muddatidan oldin yurtimiz va dunyoning nufuzli oliy oʻquv yurtlariga talabalikka qabul qilindi. 9 shogirdim esa chet tillarni bilish darajasi boʻyicha xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritdi. Men bu yoshlarni, taʼbir joiz boʻlsa, yurtimizdagi Yangi Uygʻonish davri poydevori bunyodkorlari, degan boʻlardim.
Mamlakatimizda yoshlar uchun beqiyos imkoniyat va imtiyozlar mavjud. Ishonamanki, ulardan samarali foydalangan farzandlarimiz Yangi Oʻzbekiston sharafini yuksaklarga koʻtaradi.
Раҳматилла КАРИМОВ, Учтепа туманидаги 81-ихтисослаштирилган давлат умумтаълим мактаби ўқитувчиси, Ўзбекистон Республикаси халқ ўқитувчиси:
— Президентимизнинг мактаб битирувчиларига табригини ўқувчилар билан бирга тингладик. Давлатимиз раҳбарининг сўзлари барчага ўзгача руҳ бағишлади.
Президентимиз ташаббуси билан мактаб таълимини қўллаб-қувватлаш умуммиллий ҳаракатга айлантирилгани юртдошларимизнинг мактабга, ўқитувчиларга муносабатини тубдан ўзгартирди. Илгари одамлар мактабга фақат давлат пул ажратиши керак, деган тушунча билан яшаган бўлса, энди нега мана шундай савобли жараёндан мен четда қолишим керак, деган ҳис пайдо бўлаётганини кўряпмиз. Халқимизда таълимга дахлдорлик, болаларни сифатли ўқитишга ҳисса қўшиш иштиёқи уйғоняпти. Масалан, икки йил аввал мактабимизнинг собиқ битирувчиси, тадбиркор Исроил Юнусов мактабимизни капитал таъмирлаб берди. Барча жиҳозлар янгиланди. Мана — ислоҳотларнинг одамларга таъсири. “Сўнгги қўнғироқ” тадбирида шу ҳақда болаларга сўзлаб бердим. Уларнинг ҳам эртага юрт корига ярайдиган асл фарзанд бўлиб етишишига тилак билдирдим.