Yoshlar – sogʻlom hayot tarafdori

    Mamlakatimizda 11 Avgust 2022 2394

    Spirtli ichimliklar, tarkibida nikotin moddasi boʻlgan mahsulotlar, giyohvandlik va boshqa psixofaol moddalar isteʼmoli inson sogʻligʻi va uning yon atrofidagilar uchun chinakam xavfdir.

    Negaki, shu kabi mahsulotlar isteʼmoli taʼsirida inson nima qilayotganligini bilmaydi. Natijada huquqbuzarliklar, jinoyatlar, baxtsiz hodisalar, zoʻravonlik sodir boʻladi.

    Bu esa davlat va jamiyat taraqqiyotiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmay qoʻymaydi. Hozirda ana shunday xavfni oldini olish boʻyicha respublikamizda atroflicha chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

    Xususan, bu borada joriy yil 10-avgustda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti tashabbusi, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitalari koʻmagida “Yoshlar – sogʻlom hayot tarafdori” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

    Unda senator va deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining Yoshlar masalalari komissiyalari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, shuningdek, BMTning Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) va UNODCning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

    Davra suhbati oʻsmirlar va yoshlarni psixofaol hamda giyohvandlik vositalari kabi tahdidlardan himoya qilish, ushbu tahdidlarga qarshi kurashishda yoshlarni keng jalb etish, profilaktikaning yangi usullarini ishlab chiqish va uni joriy etishda yoshlar ishtirokini taʼminlash, bu borada ilgʻor jahon tajribasini tahlil etish, narkotik moddalarni isteʼmol qilishning oldini olish boʻyicha yoshlar tomonidan kelgusidagi harakatlar boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, yoshlarni sogʻlom turmush tarziga yoʻnaltirish maqsad qilingan.

    Soʻzga chiqqan yoshlar profilaktika ishlariga qanday shakllarda jalb etilayotganligi toʻgʻrisida fikr bildirdi.

    Davra suhbati yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan bildirilgan fikrlar, taklif va tavsiyalar umumlashtirildi hamda ularning mutasaddi tashkilotlarga yetkazilishiga kelishib olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.